Musobaqada Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan sablyachilarimiz bugun Toshkentga qaytib kelishdi va munosib taqdirlanishdi.

Qahramonlarimiz dastavval Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hamda Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov tomonidan tantanali kutib olindi. Shundan soʻng tadbirning ikkinchi qismi MOQda oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari Abdurashid Joʻraboyev, Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov va Vazir maslahatchisi Avaz Karimov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov va Sherzod Tashmatov, sportchilarimiz va ularning yaqinlari, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastavval qilichbozlarimizning jahon chempionatida erishgan ulkan gʻalabalari yana bir bor madh etildi. Murosasiz janglarga boy boʻlgan musobaqada Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan eng yosh atletimiz, Jahon kubogi gʻolibi Zaynab Dayibekova bronza, Zuhriddin Qodirov esa oltin medalni qoʻlga kiritdi. Qayd etish joiz, Zuhriddin Qodirov bu bilan mustaqillik davrida qilichbozlik boʻyicha jahon chempionligiga sazovor boʻlgan birinchi sportchimiz boʻldi.

Atletlarimizning ushbu muvaffaqiyatlarini Adham Ikramov ham alohida taʼkidlab, erishilgan yuksak natija bilan qilichbozlarimizni qutladi. Shundan soʻng Zuhriddin Qodirovni “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni Sportni rivojlantirish vaziri tomonidan oʻqib eshittirildi va mukofot oʻz egasiga tantanali ravishda topshirildi.

Davlatimiz sportchilarimizni ushbu musobaqaga yuqori darajada tayyorlagan murabbiylarni ham esdan chiqargani yoʻq. Terma jamoamiz murabbiyi, uch karra Olimpiya oʻyinlari chempioni Vladimir Nazlimov hamda Yorqin Yoʻldoshev sportchilarimiz qatori moddiy ragʻbatlantirildi. Unga koʻra, qayd etgan natijalari uchun sportchilar Z.Qodirov 5 000, Z.Dayibekova 3 000, murabbiylar V.Nazlimov 2 000 va Yo.Yoʻldoshev 1 000 AQSH dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Koʻrsatilgan bunday yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan ruhlangan sportchilarimiz hamda ularning ota-onalari ichlaridagi hayajonni yashira olishmadi.

“Avvalambor, meni tarbiyalagan ota-onam, ustozlarimdan cheksiz minnatdorman. Ularning bergan taʼlimlariga amal qilib shunday gʻalabaga erishdim. Qolaversa, bizga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga ham rahmat aytaman”, – dedi chempion Zuhriddin Qodirov.

Oʻz oʻrnida Zaynab Dayibekova ham samimiy tilaklarini bildirdi:

“Bugungi xursandchilik kunimizga sherik boʻlib, bizni shunday tantana bilan kutib olayotganlaringiz uchun barchangizga minnatdorchilik bildiraman. Bu gʻalabaralarimiz davlatimiz rahbarining biz yoshlarga koʻrsatayotgan eʼtiborlarining mevasi. Kelgusida jahon chempionatining oltin medalini qoʻlga kiritishga vaʼda beraman”.

Tadbir davomida Zuhriddin Qodirovning onasi Zumradxon Qodirova, terma jamoa murabbiyi Vladimir Nazlimov ham soʻz olib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlab turgan davlatimizga tashakkur bildirishdi. Qolaversa, taekvondo boʻyicha Tokio-2020 chempioni Ulugʻbek Rashitov ham qilichbozlarimizni erishgan muvaffaqiyatlari bilan qutladi.

Musobaqa davomida Dayibekova hamda Qodirovdan tashqari Musa Aytmurodov, Sherzod Mamutov, Boburjon Rasulov, Samira Shokirova kabi vakillarimiz ham munosib ishtirok etib, kuchli oʻnlikdan joy olishdi. Bu esa qilichbozlik boʻyicha Parij-2024 va Los-Anjeles-2028 Olimpiya oʻyinlari uchun kuchli avlod yetishib kelayotgani, oʻzbek qilichbozlarining kelajagi porloq ekanidan dalolat beradi. Reglamentga koʻra, endilikda yosh rapira va shpaga ustalari jahon chempionligi uchun bahs olib borishadi. Boʻlajak bellashuvlarda terma jamoamizning qolgan vakillariga ham ulkan gʻalabalar tilab qolamiz.