Xususan, safar davomida mamlakatimizdagi uchta oliy taʼlim muassasasi rektorlari delegatsiyasi Vengriyaning Debretsen universiteti vakillari bilan uchrashib, oʻzbek-venger qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvlar natijasi oʻlaroq, Toshkent kimyo-texnologiya, Toshkent farmatsevtika institutlari hamda Toshkent davlat agrar universiteti Debretsen universiteti bilan oziq-ovqat maxsulotlari texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi va sifati, hamda maqsadli sugʻorish, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika yoʻnalishlarida hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar imzoladi.
Qoʻshma taʼlim dasturi orqali yoshlarimiz ham Oʻzbekistonda, ham Vengriyada tahsil olish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
— Biz farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi sohalarida qoʻshma diplom dasturlari toʻgʻrisida kelishib oldik. Ushbu dasturlarning muhim qismi universitet va ishlab chiqarish laboratoriyalarida amaliy mashgʻulotlardan iborat boʻladi. Biz ikki mamlakat oliy taʼlim tarmogʻida oʻqitish haqida gapiryapmiz. Bu taʼlim tizimi nuqtayi nazaridan juda katta innovatsion imkoniyatdir, — dedi Debretsen universiteti rektori Zoltan Szilvashi.
Debresen universiteti, shuningdek, mamlakatimizning hamkor oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot, amaliy, tajriba-konstruktorlik loyihalarida hamkorlik qiladi. Kurslar hamda oʻquv dasturlarini tashkil qiladi. Shuningdek, ilmiy ishlar va oʻquv materiallarini birgalikda nashr ettiradi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Debretsen Vengriyadagi yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi. Unda tibbiyot, stomatologiya, farmatsevtika, huquq, agronomiya, iqtisodiyot, informatika, sanʼat, pedagogika kabi yoʻnalishlarda taʼlim beriladi.