Oʻzbek talabasi Oʻmonda oʻtkazilgan madaniy tanlovda mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi

    Madaniyat 25 Avgust 2022 1799

    Manah viloyatida joylashgan xorijiy tillarda soʻzlashuvchilar uchun arab tilini oʻrgatish boʻyicha Sulton Qobus kollejida tahsil olayotgan talabalar oʻzlarining milliy madaniyatlarini namoyish etdi.

    Bu haqda Mamlakatimizning Oʻmon Sultonligidagi elchixonasi xabar bergan.

    Jumladan, 16 ta davlatdan (Buyuk Britaniya, Bruney, Janubiy Koreya, Italiya, Latviya, Malayziya, Xitoy, Shri-Lanka, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Eron, Yaponiya va boshqalar) kelgan 40 nafardan ziyod talabalar sirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bitiruvchisi, mustaqil tadqiqotchi Barnoxon Ismoilova yurtimiz urf-odatlari, madaniyati, asriy qadriyatlari hamda milliy taomlari taqdimotini namoyish etdi. Shuningdek, talabamiz oʻz chiqishida Oʻzbekiston madhiyasini arab tilida ijro etib, tadbir ishtirokchilari olqishiga sazovor boʻldi.

    Tadbir yakunlari boʻyicha Barnoxon Ismoilova ikkita asosiy tanlov – “eng yaxshi bezatilgan stend” hamda “eng yaxshi tayyorlangan milliy taom” boʻyicha mutlaq gʻolib, deb topilgani holda asosiy sovrinlarni qoʻlga kiritdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.