Forum doirasida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar koʻrgazmasida “Oʻzavtosanoat” AJ tarkibidagi korxonalar ham faol ishtirok etishdi. Korxona stendida “UzAuto Motors” AJning ichki va tashqi bozorlarda sotuvga qoʻyilgan avtomobillari, “UZ Truck & Bus Motors”, “UzAuto TRAILER” va “SamAuto” tomonidan ishlab chiqarilgan yuk mashinalari va avtobuslar, shuningdek Jizzax avtomobil zavodining Volkswagen Caddy va SKODA rusumli avtomobillar qatori namoyish etildi.

Keyingi paytlarda “Made in Uzbekistan” sanoat koʻrgazmasi oʻzaro savdo aloqalarni yangi bosqichga koʻtarib, keng imkoniyatlar maydonini yaratdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Afgʻoniston delegatsiyasi vakillari safida bir guruh tadbirkorlar bilan birga Afgʻoniston Islom Respublikasining Prezidenti Devoni rahbari Muhammad Shokir Korgar, Afgʻoniston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi raisi Ismoil Gʻazanfar, Balx viloyati voliysi Muhammad Farhod Azimiy singari martabali mehmonlar tashrifi munosabati bilan tashkil etilgan hududlar va tarmoqlararo sanoat yarmarkasi, kooperatsiya birjasi hamda “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar koʻrgazmasida mamlakatimiz viloyatlari va Surxondaryoda ishlab chiqarilayotgan qurilish mollari, elektrotexnika, charm, tekstil sanoati, qishloq xoʻjaligi, avtotransport vositalari va boshqa mahsulotlar, shuningdek milliy hunarmandlik buyumlari keng namoyish etildi.

Mazkur koʻrgazma doirasida B2B formatida hamkorlik uchrashuvlari oʻtkazilib, muhim kelishuvlarga erishildi, deya xabar beradi “Oʻzavtosanoat” AJ matbuot xizmati.