Bundan kelib chiqqan holda, ushbu shaxs Afgʻonistonda Amir Temur, Shayboniyxon, Boborahim Mashrab, Mahmud Gʻaznaviy, Abu Rayhon Beruniy merosining oʻrganilishi hamda navoiyshunoslikning ham taʼqiqlangani haqida xulosa qiladi. Mazkur “tahlil” yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Yusup Kabuljanov oʻzining telegram kanalida axborot berdi.
"Shuni maʼlum qilamanki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakilining “Tolibon” Harakati rasmiy rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan suhbati chogʻida ushbu axborotning haqiqatga zidligi taʼkidlandi.
“Tolibon” vakili oʻzbek tili, pushtu va dari tillari bilan bir qatorda, bundan buyon ham Afgʻonistonning rasmiy tillaridan biri boʻlib qolishini tasdiqladi. Oʻzbek tilini oʻrganish va rivojlantirishga, toliblar rasmiy vakilining maʼlumotiga koʻra, mamlakat yangi rahbariyati alohida eʼtibor qaratadi.
Baʼzi bilimsiz “tahlilchi” va jurnalistlarning shubhali shov-shuvlar va “qaynoq fakt”lar ilinjida ochiqdan ochiq buzib koʻrsatilgan va yolgʻon axborotlarni tarqatayotgani esa afsuslanarli holatdir", deyiladi axborotda.