“Vatandoshlar” jamoat fondi Oʻzbekiston Respublikasi Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda Oʻzbek tili onlayn taʼlim platformasini ishlab chiqdi.
Mazkur loyiha dunyoning turli mamlakatlarida yashayotgan vatandoshlarning farzandlari oʻzbek tilini oʻrganishlari, qadriyatlar va urf-odatlar bilan yaqindan tanishishlari, oʻzbek tilida muloqot madaniyatlarini shakllantirishga moʻljallangan.
Mashgʻulotlar Fondning mualliflik huquqi asosida yagona avtomatlashtirilgan elektron portalga joylashtirildi. Mashgʻulotlarda faqat roʻyxatdan oʻtgan vatandoshlar foydalanishlari mumkin. Mashgʻulotlarni muvaffaqqiyatli tamomlagan oʻrganuvchilarga maxsus sertifikat taqdim etiladi. Oʻzbek tili onlayn taʼlim platformasi A1 darajasi 8 ta modulda (har bir modulda 3 tadan mavzu) 24 ta mashgʻulotlar orqali oʻrgatiladi.
Joriy yil 15-mart kuni Oʻzbek tili onlayn taʼlim platformasining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti masʼullari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Shuningdek, mazkur taqdimotga Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistondagi oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchilari, Termiz shahridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi tinglovchilari tashrif buyurdilar.
Bundan tashqari, tadbirni onlayn tarzda Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari vakillari, dunyoning turli mamlakatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar ham kuzatib borishdi.