Mamlakatimizda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi hamda mavqeini oshirish borasida “O‘zbekiston akkreditasiya markazi” DUKda qator vazifalar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, davlat tiliga doir qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, targ‘ib qilish, xodimlarga davlat tilini chuqur o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilda Markazning 2 nafar xodimi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida tahsil olib, sertifikatlarga ega bo‘lishdi. Ta’kidlash joizki, har yili bir necha xodim ushbu ta’lim maskanida o‘qiydi.
Markaz xodimlari o‘zbek tilini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarda ham faol ishtirok etib kelishmoqda. Jumladan, 2021-yil Markaz mutaxassisi Dildora Abdusalomova Texnik jihatdan tartibga solish Agentligi tizim tashkilotlari o‘rtasida o‘tkazilgan insholar tanlovida birinchi o‘rinni egallab, Davlat tilini rivojlanirish departamenti tomonidan fahriy yorliq bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Markaz ma’muriy hududidagi barcha tashqi yozuvlar, peshlavhalar, e’lonlar va ko‘rgazmali boshqa axborot matnlari davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek imlosida yozilgan.
— Markazimizda davlat tilida ish yuritish masalasiga o‘ta jiddiy e’tibor qaratiladi. Bugungi kunda har bir xat, ichki buyruq, xabarnomalar o‘zbek tilida, lotin alifbosida tayyorlanmoqda va so‘ralgan manzilga taqdim qilinmoqda. Yil boshidan buyon 200dan ortiq guvohnomalar o‘zbek tilida tayyorlandi va mijozlarga berildi, — deydi Markaz ma’naviy-marifiy ishlar samaradorligini oshirish, “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ul Хayrulla Abdulxakov.
Shuningdek, Markazning rasmiy sayti, telegram kanali va boshqa ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida ham xabar va ma’lumotlar o‘zbek tilida, lotin alifbosida e’lon qilib borilmoqda.









