Mamlakatimiz oʻzbek tilining lugʻat boyligini oshiruvchi lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lugʻatlar yaratish, tilimizni ikkinchi til sifatida oʻrganuvchilar hamda yurtimizga kelgan chet ellik mehmonlar(turistlar)ga davlat tilini oʻrganish tizimini takomillashtirish muhim vazifalar sirasidan.
Bu kabi vazifalarni hal etish maqsadida Vazirlar Maxkamasi huzuridagi xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi hamda Oliy taʼlim muassasalaridan yigʻilgan ekspertlar tomonidan oʻzbek tilini mustaqil oʻzlashtirishga moʻljallangan axborot metodik taʼminot platformasi ishlab chiqildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi boʻlimi boshligʻi Xurshid Mamatqulov mazkur platforma haqida quyidagilarni soʻzlab berdi.
— Platformadan foydalanish juda oson. Oʻzbek tilini oson, mustaqil va bepul oʻrganishni istovchilar uzb.lpa.gov.uz ga kirib, yangi soʻzlar qismida tanishishlari mumkin. Bundan tashqari, baʼzi bir mavzularda krossvordlar ham berilgan. Ular yechilgandan keyin ham oʻrganuvchiga maʼlum miqdordagi toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi haqida maʼlumot beradi. Mavzularni oʻzlashtirishda har bir mavzu boʻyicha mashq savollari ishlab chiqilgan.
Shuningdek, ingliz-oʻzbek, rus-oʻzbek tillaridagi soʻzlashgich-lugʻatlarning boshlangʻich varianti epspertlar hamkorligida Soʻzlashgich-lugʻat oʻzbek tilini ikkinchi til sifatida oʻrganuvchilar hamda Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan chet ellik mehmonlar (turistlar) uchun moʻljallangan boʻlib, unda barcha sohalarga oid eng koʻp ishlatiladigan atamalar (jumlalar) keltirilgan.
Ayni paytda, mazkur qoʻllanmalarni dizayni va ularni multiplikatsion va animatsion rasmlar bilan boyitish jarayoni davom etmoqda.