Oʻzbek tilining jozibasi UNESCO bosh qarorgohida taqdim etildi

    Madaniyat 23 Fevral 2023 1157

    Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan joriy yil 20-21-fevral kunlari UNESCO bosh qarorgohida qator tadbirlar tashkil etildi.

    Ushbu tadbirlarda barcha mintaqalarni namoyon etgan 24 davlat - Bangladesh, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Indoneziya, Shri Lanka, Falastin, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Ukraina, Moldova, Serbiya, Slovakiya, Shotlandiya, Islandiya, Braziliya, Kuba, Paragvay, Nikaragua, Gvatemala va Tanzaniya qatnashdi.

    Madaniyatlar koʻrgazmasida dunyo davlatlari oʻzlarining ona tillarini namoyon qiladigan mumtoz qoʻshiqlar, milliy cholgʻu asboblarida ijro etilgan musiqalar va anʼanaviy raqslari hamda sahna koʻrinishlari bilan ishtirok etdi.

    Mamlakatimizning UNESCOdagi doimiy vakolatxonasi ham mazkur tadbirlarning xalqlar madaniyati, tillari va milliy oshxonalari koʻrgazmalarida ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston uning doirasida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazdi. Jumladan, buyuk bobokalonlarimiz haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etilgani barobarida «Navoiy va Guli» nomli sahna koʻrinishi namoyish etildi, Boburning sara gʻazallaridan namunalar oʻqildi.

    Tillar koʻrgazmasida Oʻzbekiston tomoni oʻzbek tilida chop etilgan kitoblarning, jumladan, Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» kitobi taqdimotini oʻtkazdi. Ishtirokchilarga davlatlarning milliy gastronomik salohiyatlari ham taqdim etildi.

    Ishtirokchi davlatlar tomonidan Oʻzbekistonning Xalqaro ona tili kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirlardagi ishtiroki yuqori baholandi, deb xabar beradi «Dunyo AA.