Oʻzbek tilshunos olimi Xalqaro ona tili mukofotiga sazovor boʻldi

    Fan 17 Fevral 2021 2671

    21-fevral 2000-yildan buyon “Xalqaro ona tili kuni” bayram sifatida nishonlanadi.

    YUNESKOning Bangladeshdagi Xalqaro ona tili instituti tomonidan Xalqaro ona tili kuniga mukofot joriy etilgan boʻlib, ushbu mukofot butun dunyoda xalqlar oʻz ona tilini himoya qilish va targʻib qilish, amaliyoti va tadqiqotlari bilan bogʻliq ulkan hissasi uchun tilshunoslarga berilib kelinmoqda.

    21-fevralda Bangladeshning poytaxti Dakka shahridagi Xalqaro ona tili institutida ushbu mukofot bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.

    Ushbu taqdirlash anʼanasining davomi sifatida 2020-yil iyul oyida YUNESKOning Bangladeshdagi Xalqaro ona tili instituti 2021-yil uchun “Xalqaro ona tili mukofoti” tanlovini eʼlon qildi.

    Ushbu mukofotning “Ona tilining xalqaro miqyosdagi tadqiqi” yoʻnalishiga ariza topshirgan dunyo tilshunos olimlari orasidan 2 nafar tilshunos olim - Janubiy Amerikadagi Boliviya davlatidan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti yosh tilshunos olimi, filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim Gʻulom Mirzayevich Ismoilov loyiq deb topildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi nomidan Gʻulom Ismoilovni ushbu mukofot bilan qutlaymiz! Oʻzbek tilshunosligi dongʻini dunyoga taratish yoʻlidagi ilmiy izlanishlarida yana-da yuksak choʻqqilarni zabt etishiga, muvaffaqiyatlar bardavom boʻlishiga tilakdoshmiz.