O'zbek va tojik – do'st xalqlarimiz munosabatlari sahnida yangi davr boshlanmoqda

    Do'sting bo'lsa, bog'ing chamandir, deydi xalqimiz. Keyingi yillarda bu maqolni Markaziy Osiyo xalqlari ko'p takrorlaydi. Boisi, mintaqada o'zaro hamjihatlik, tarixiy do'stlik munosabatlari yangicha ruhda mustahkamlanmoqda.

    Bu qutlug' jarayonda, hech shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qat'iy siyosiy irodasi va ahillik yo'lidagi sa'y-harakatlari, tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etadi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi ana shu yo'lda navbatdagi tarixiy voqelik bo'ldi.

    O'zbek va tojik xalqi – tarixiy ildizi tutash, taqdiri uyqash, tutumlari o'xshash el. SHu bois, xalqlarimiz quda-anda, yaqin birodar bo'lib yashagan. Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ish boshlagan ilk kunlardanoq ana shu azaliy qadrli munosabatlarni mustahkamlashga bel bog'ladi.

    Chegaralar ochildi, ikki mamlakat o'rtasida uzoq yillar davomida hal etilmagan masalalarga echim topildi. Pirovardida, bir muddat to'xtab qolgan bordi-keldi qayta jonlandi. Xalqlarimiz yana diydorlashdi, mehr rishtalari qayta bog'landi.

    Tojikiston xalqi O'zbekiston Prezidentini juda hurmat qiladi, doim mehr bilan kutib oladi. Bunga davlatimiz rahbarining Tojikistonga tashrifi tafsilotlarini kuzatib borgan har birimiz guvohmiz.

    Ishonch bilan aytamizki, Prezidentimizning Tojikistonga bu galgi tashrifi har qachongidan-da samarali bo'ldi. Bu energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, tog'-kon va engil sanoat, fan, ta'lim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan jami 35 ta hujjat imzolanganida ham ko'zga tashlanadi.

    O'zbekiston va Tojikiston Prezidentlari o'zaro muzokaralarda zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish sohasida, ayniqsa, Afg'onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat asnosida hamkorlikni kuchaytirish bo'yicha ham aniq kelishuvga erishgani bugungi davr uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Bunday deyishimizga asoslar ko'p. Qo'shni uydagi janjal, kelishmovchilik boshqalar tinchini buzishi, hatto yaqin atrofdagi oilalarga jiddiy ziyon etkazishi tarixdan ma'lum. Qolaversa, islohotlar, avvalo, tinchlik-osoyishtalik hukmron joyda amalga oshadi. Shundagina barqaror rivojlanish bo'ladi, fayzu baraka inadi. Shu bois O'zbekiston va Tojikiston etakchilarining mintaqadagi tahlikali vaziyatlarning oldini olishga bo'lgan siyosiy irodasi olqishga loyiq.

    Davlatlarimiz etakchilari o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida yangi “o'sish nuqta”larini belgilab olgani ham e'tiborga molik. Unga ko'ra, endilikda ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlarini maksimal darajada ishga tushirish, ularni tumanlar darajasida “bog'lash” ishlari boshlanadi.

    Bu – o'zaro tovar ayirboshlash hajmi keskin oshadi, fan-ta'lim, madaniyat sohalarida fikr, tajriba almashinuv faollashadi, degani. O'z-o'zidan ayonki, mamlakatlar o'rtasidagi bordi-keldi, bu kabi faol munosabatlar taraqqiyot uchun xizmat qiladi, yangi g'oyalar tug'ilishiga, innovatsiyalar shakllanishiga yo'l ochadi. Bir so'z bilan aytganda, tsivilizatsiya paydo bo'ladi.

    Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyevni Tojikistonning yuksak mukofoti – I darajali “Zarrintoj” ordeni bilan mukofotladi. Bu davlatimiz rahbarining ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo'lidagi ulkan xizmatlari e'tirofi bo'ldi.

    Prezidentimiz qo'shni mamlakatga tashrifining ikkinchi kuni Xo'jand shahriga tashrifi ham juda samimiy, ko'tarinki ruhda bo'ldi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan birgalikda Xo'jand shahri yaqinidagi “Arbob” madaniyat saroyida So'g'd viloyati jamoatchiligi vakillari, ziyolilar, nuroniylar bilan uchrashdi.

    Shu uchrashuvda Tojikiston etakchisi Shavkat Mirziyoyevning ikki mamlakat o'rtasidagi do'stona munosabatlarni tiklashdagi sa'y-harakatlariga yuqori baho berdi.

    – Ilgari to'planib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib bo'larmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz o'rtasida hal bo'lmagan masala qolmadi, o'zaro ishonch paydo bo'ldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va “arxitektori” hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, – dedi Emomali Rahmon.

    Bir so'z bilan aytganda, Prezidentimizning Tojikistonga rasmiy tashrifi ikki mamlakat va do'st xalqlarimiz o'rtasidagi yaqin birodarlik munosabatlari sahnida yangi davrni boshlab berayotgani bilan g'oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

    Ravshan DASTIROV,

    Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashi deputati