Oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligi festivali yakunlandi

    Oʻzaro tarixiy-madaniy aloqalar oʻzbek va turkman xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik birodarlikning mustahkam tamal toshi boʻlib kelmoqda.

    Prezidentimizning Oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligi festivali ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida taʼkidlanganidek, chin qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini yanada kuchaytirishga qaratilgan ushbu muhim tadbir elu yurtlarimizning umumiy ezgu maqsadlari va orzu-intilishlari mushtarak ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlaydi.

    Festival doirasida 17-noyabr kuni Dashoguz shahridagi Dashoguz viloyati kutubxonasida Oʻzbekiston va Turkmaniston yozuvchi hamda shoirlarining ijodiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda ikki davlat rahbarlarining yuksak eʼtibori, qoʻllab-quvvatlashi va koʻmagi bilan tashkil etilgan ushbu oʻziga xos doʻstlik bayrami xalqlarimiz madaniyati, sanʼati va adabiyoti rivoji uchun keng ufqlar ochgan, oʻzaro hamkorlikka yangi surʼat bagʻishlagan tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida katta ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.

    Shu kuni Dashoguz viloyati Dilevar qishlogʻi madaniyat uyida ikki mamlakat kino ijodkorlarining ijodiy uchrashuvi va oʻzbek-turkman filmlari namoyishi ham boʻlib oʻtdi. Xususan, Oʻzbekiston tomonidan tomoshabinlar eʼtiboriga “Ayol qismati” filmi havola qilindi.

    Festivalning tantanali yopilish marosimi esa Dashoguz shahridagi Nurmuhammad Andalib nomidagi musiqali teatrda boʻlib oʻtdi.

    Unda oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligi festivali ishtirokchilarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga murojaati oʻqib eshittirildi.

    Murojaatda festival ishtirokchilari oʻzbek va turkman xalqlarining doʻstlik va qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratayotgan Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlariga samimiy minnatdorlik izhor etib, ikki davlat rahbarlariga sihat-salomatlik, uzoq umr, ezgu maqsadlar yoʻlidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tiladilar.

    Murojaatdan soʻng turkman ijodkorlari tomonidan “Iqror Otashi” spektakli namoyish etildi.

    Shuning bilan oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligi festivali yakunlandi.