Oʻzbek xirurgiyasi tarixida ilk bor bir paytning oʻzida yurak va buyrakda noyob operatsiya oʻtkazildi

    Salomatlik 4 Noyabr 2022 1830

    Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bir vaqtning oʻzida yurak koronar-shuntlash va buyrak transplantatsiyasi amaliyoti oʻtkazildi.

    Milliy xirurgiyamiz tarixida ilk bor amalga oshirilgan bu noyob operatsiya oʻzbek kardiojarroh va transplantologlari tomonidan mustaqil bajarildi.

    Maʼlumki, yurak va buyrak inson organizmida oʻta muhim funksiyalarni bajaradi. Ulardan birining faoliyati buzilsa, inson hayoti jiddiy xavf ostida qoladi. Bu ikki aʼzoda bir vaqtning oʻzida jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishini tasavvur qilib koʻring!

    Davronbek Gʻoyibov 47 yoshda. Yuqori qon bosimi, bosh ogʻrigʻi, koʻz xiralashishi va doimiy charchoq kabi asoratlardan aziyat chekib kelgan bemor oʻzida surunkali buyrak yetishmovchiligi borligidan xabar topadi va dializ muolajalarini ola boshlaydi.

    Qolaversa, Davron aka koʻp yillardan beri qandli diabet, gipertoniya kasalligi bilan kardiolog va endokrinolog nazoratida ham turardi. Bularning barchasi uning ahvolini yanada ogʻirlashtirdi.

    Natijada sentyabr oyida Xirurgiya markaziga buyrak koʻchirib oʻtkazish boʻyicha murojaat qiladi. Bemorga oʻz qizi Zebiniso Gʻoyibova donorlik qiladigan boʻldi.

    — Buyrak transplantatsiyasi juda uzoq vaqt davom etishi sababli buni xastaning yuragi koʻtara olmasligi mumkin edi, — deydi markazning boʻlim mudiri, professor Fazliddin Bahriddinov. — Chunki tekshiruvlar davomida bemor yuragining uchta joyida jiddiy muammo aniqlandi. Operatsiya davomida yurak tanaga qon yetkazib bera olmasdan, infarkt yuzaga kelishi xavfi bor edi. Shuning uchun ham rejalashtirilgan amaliyot ikki bosqichda oʻtishi belgilandi.

    Birinchi bosqichda yurakda koronar-shuntlash amaliyoti bajarilib, unga parallel ravishda buyrak koʻchirib oʻtkazishga qaror qilindi.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday murakkab amaliyot dunyo boʻyicha yiliga atigi 5-10-marta amalga oshiriladi. Oʻzbekiston hududida esa hali bunday operatsiya bajarilmagan. Xirurgiya markazida tashkil etilgan komissiya aʼzolarining ruxsati bilan boshlangan ushbu yuqori texnologik noyob muolaja muvaffaqiyatli yakunlandi.

    Hozir bemor va donorning ahvoli yaxshi, ularni tibbiy standartlar boʻyicha davolash jarayoni davom ettirilyapti, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.