Rossiya Prezidentining joriy yil may oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni yetakchilar tomonidan tasdiqlangan «yoʻl xaritasi« asosida amalga oshirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Kuni kecha Moskva shahrida oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va ikki tomonlama muzokaralarning natijalari yuqori baholandi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari oʻsishini taʼminlash, sanoat, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, Oʻzbekiston va Rossiya hududlari hamda ishbilarmon tashkilotlari darajasida faol muloqotlarni davom ettirishga qaratilgan oʻzaro muvofiqlashtirilgan choralar koʻrish muhimligi taʼkidlandi.
Innovatsiyalar, sunʼiy intellekt, taʼlim va tibbiyot sohalarida hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Noyabr oyida Rossiyada Oʻzbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Xalqaro kun tartibidagi masalalar hamda joriy yil dekabr oyi oxirida boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik koʻrish nuqtayi nazaridan mintaqaviy tashkilotlardagi koʻp tomonlama hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.