Oʻzbekiston — Koreya iqtisodiy hamkorligi jadallashmoqda

    Xalqaro hamkorlik 25 Oktabr 2021 939

    25-oktyabrda videokonferensiya shaklida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari ­– investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Koreya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Xong Nam Ki oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Muloqotda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlik qilish, investitsiyalar va savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish shuningdek, qator ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston tomoni pandemiyaga qarshi kurashda Oʻzbekistonga koʻrsatilayotgan yordam, xususan, “COVID-19 qarshi tezkor choralar dasturi”ni amalga oshirishga Oʻzbekistonga 5 million dollarlik qoʻshimcha grant taqdim etish boʻyicha qaror qabul qilingani uchun Koreya Hukumatiga minnatdorlik bildirdi.

    Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Jumladan, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari ekspertlari tomonidan hozirgi vaqtda oʻrganilayotgan oʻzaro manfaatli yangi investitsiyaviy loyihalar shakllantirilgani maʼlum qilindi.

    Koreya Eksimbanki, Iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi (EDCF) va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar ijrosini yanada jadallashtirishga doir navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi. Oʻzbekistonda istiqbolli loyihalarni suveren kafolatlarni taqdim etmasdan amalga oshirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish jamgʻarmasi (EDPF) bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida Erkin savdo toʻgʻrisida bitim loyihasini tayyorlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. Tomonlar yuzaga kelayotgan masalalar boʻyicha kelishuvga erishish hamda hujjatni yaqin vaqtda imzolashga tayyorlash boʻyicha harakatlarni faollashtirish niyatida ekanliklarini bildirdilar.

    Joriy yil oxirigacha Seul shahrida ikki mamlakat Bosh vazirlari oʻrinbosarlarining Kengashi hamda Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Koreya Hukumatlararo qoʻmitasining yigʻilishlarini, shuningdek, Oʻzbekiston va Koreya ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi.

    Muzokaralar yakunida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarini jalb etgan holda muhokama qilingan yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma tadbirlarni faollashtirishga oid kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.