Muloqotda Oʻzbekistonga yirik va mayda shoxli qoramol terisini yetkazib berish masalasi muhokama etildi.
Uchrashuvda mehmonlar qayd etganlaridek, bugungi kunda Qirgʻizistonda 2 ta terini qayta ishlash zavodi mavjud. Lekin ularning quvvati mamlakatdagi xom ashyoni qayta ishlash uchun yetarli emas. Shu boisdan bugungi kunda teri xom ashyosi eksporti faol koʻrib chiqilmoqda.
Ushbu masala Oʻzbekiston uchun charm-poyabzal sanoati boʻyicha mamlakatimizda xom ashyo xabini tashkil etish borasida dolzarb ahamiyatga ega. Hozirda Oʻzbekiston yiliga 23 million dona terini qayta ishlash salohiyatiga ega. Ayni bosqichda mamlakatimiz korxonalari nafaqat yurtimizdagi balki, Markaziy Osiyoda hosil boʻlayotgan terini toʻliq qayta ishlash imkoniyatiga ega. Tojikiston bilan bu borada hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati mehmonlarga Davlat tomonidan sohaning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi natijasida tarmoq sezilarli rivojlanayotgani, soʻnggi toʻrt yilda erishilgan yutuqlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Qayd etish kerak, teri xom ashyosini qayta ishlash yoʻnalishida mamlakatimizda 70 dan ortiq korxona faoliyat olib boradi. 2020-yilda 1,4 million dm. tayyor charm ishlab chiqarilgan. Qisqa vaqt ichida terini ikkilamchi (krast) va uchlamchi (finish) bosqichidagi charm ishlab chiqarishning toʻliq sikli qamrab olingan.
Muloqot yakunida tomonlar hamkorlikni yana-da kengaytirish boʻyicha uchrashuvning navbatdagi bosqichini oʻtkazishga kelishib oldi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.