Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari hamda Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Dastavval tomonlar 10-11-noyabr kunlari Samarqandda oʻtkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti aʼzo davlatlar uchun samarali va manfaatli boʻlganini, unda ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslarni hayotga tatbiq etishda parlamentlar imkoniyatlaridan foydalanish zarurligiga eʼtibor qaratdilar.

Taʼkidlanganidek, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar keng qamrovli sheriklik darajasida har tomonlama rivojlanib boryapti. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi loyihalarni hayotga tatbiq etish dolzarbligi taʼkidlandi.

Muloqot davomida parlament faoliyati samaradorligini oshirishda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy hamkasblar bilan tajriba almashish, jumladan, qoʻmitalarning oʻzaro aloqalarini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega ekani, bu oʻz navbatida ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasida doimiy ishchi aloqalarni saqlab turish, tajriba almashish, turli tadbirlarda ishtirok etish imkonini berishi alohida qayd etib oʻtildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.