Muloqot davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mazmun-mohiyatini keng targʻib qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi masʼul xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti doktorantlari, Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” magistratura bosqichi tinglovchilari, shuningdek, inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqot olib boruvchi doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar qatnashdi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov davra suhbati ishtirokchilari eʼtiborini “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar va maqsadlarga erishishda inson huquqlarini taʼminlash masalasi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligiga qaratdi. Yangi Oʻzbekistonda inson qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi sifatida izchil amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Tadbirda, shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida soʻz yuritildi. Yangi Oʻzbekistonda har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini taʼminlash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish hamda ijtimoiy adolatni qaror toptirish ushbu Strategiyaning muhim yoʻnalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Munozaralar davomida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilash, islohotlar samaradorligini oshirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Davra suhbati yakunida keyingi toʻqqiz yilda Yangi Oʻzbekistonda taraqqiyot strategiyalari va yuksalish dasturlarini ishlab chiqish, qabul qilish hamda ijro etish borasida ibratli tajriba toʻplangani va muayyan maqbul amaliyot shakllangani eʼtirof etildi.
Yangi Oʻzbekistonning Inson huquqlari boʻyicha ikkinchi milliy strategiyasi hisoblanadigan mazkur hujjat loyihasi yuzasidan ham taklif va mulohazalar bildirildi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.