Kun tartibiga siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi moliyaviy-texnik hamkorlikning dolzarb masalalari kiritildi.

Tomonlar Afgʻonistonning Markaziy Osiyo makonidagi iqtisodiy aloqalarga jalb qilinganlik darajasini oshirish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuvda, shuningdek, energetika, savdo va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida birgalikda loyihalarni amalga oshirish borasida ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Shu nuqtayi nazardan, “Surxon – Puli — Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi doirasida ishlarni imkon qadar tezroq boshlab yuborish boʻyicha navbatdagi qoʻshma tadbirlar kelishib olindi.

Suhbat davomida qator ikki tomonlama hujjatlar, xususan, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirish boʻyicha istiqbolli chora-tadbirlar muhokama etildi. Tomonlarni oʻzaro qiziqtirgan masalalarning hamkorlikda yechimini topish boʻyicha ishlarni jadallashtirishga kelishildi. Bundan tashqari, tomonlar Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasida tranzit tashuvlari toʻgʻrisidagi bitim ustida ishlashni boshlash va oʻzaro savdo tartiblarini soddalashtirish uchun qoʻshimcha mexanizmlarni yaratishning shart-sharoitlarini muhokama qildilar.

Muhokama kun tartibi doirasida “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yoʻl qurilishi loyihasini amalga oshirish boʻyicha yuqori darajadagi Uch tomonlama ishchi guruhining birinchi yigʻilishini oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakuni boʻyicha tomonlar savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tezroq imzolash maqsadida uni birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldilar. Shu bilan birga, rejalashtirilgan tashabbus va kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi saʼy-harakatlar ham belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.