Muzokaralar chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy va iqtisodiy sheriklikning keng qamrovli kun tartibi koʻrib chiqildi. Soʻnggi yillarda ikki tomonlama va hududlararo hamkorlikning barcha sohalarida sezilarli yutuqlarga erishilgani va bunga Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil may oyida AQSHga tashrifi chogʻida asos solingani qayd etildi.
2021-yilning oʻn bir oyida ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasi 2020-yilning shu davriga nisbatan 48,5% ga oʻsgani alohida taʼkidlandi. Bundan tashqari, soʻnggi bir necha yil davomida Oʻzbekistonda AQSH investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni 2 barobar koʻpaydi.
Tomonlar Oʻzbekistonda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun AQSH investorlari va yirik kompaniyalarni jalb etishga qiziqish bildirdilar. Ular Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi (AUCC) bilan hamkorlikda 2022-yilning birinchi yarmida AQSH va Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari vakillari uchun biznes-forum oʻtkazishga tayyorligini ham taʼkidladilar.
Uchrashuv chogʻida foydali qazilmalarni qazib chiqarish sanoati, kimyo tarmogʻi, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va boshqa sohalar ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish mumkin boʻlgan istiqbolli yoʻnalishlar sifatida belgilandi.
Tomonlar Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqishni nazarda tutgan holda, AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) va Oʻzbekistonning Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.
Oʻzbekiston tomoni “Build Back Better World” (B3W) tashabbusini olqishladi hamda bu tashabbus doirasida qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, raqamlashtirish, sogʻliqni saqlash va gender tengligini rivojlantirish kabi toʻrtta asosiy yoʻnalishda istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish masalasida mamlakatimizga koʻrsatilayotgan texnik va maslahat yordami uchun minnatdorlik bildirildi. Suhbat chogʻida investitsiya siyosati va davlat xizmatlari sohasini raqamlashtirish boʻyicha texnik koʻmak loyihasini amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan dastur va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan faol muloqotni davom etishga sodiqligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.