Oʻzbekiston — AQSH hamkorligining yangi sahifasi

    Fikr 10 Noyabr 2025 476

    Prezidentimizning AQSHga amaliy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar, muloqotlar, uchrashuvlar haqida bugun koʻp gapirilyapti.

    Zero, bu safar oddiy tashrif emas, balki ikki xalq, ikki sivilizatsiya, ikki iqtisodiy qudrat orasidagi ishonch va hamkorlikning yangi bosqichidir. Tashrif nafaqat siyosiy dialog, balki iqtisodiy munosabatlarda yangi, misli koʻrilmagan imkoniyatlar eshigini ochdi.

    “C5+1” formati Markaziy Osiyo dav­latlari hamda AQSH oʻrtasidagi strategik muloqot maydoni boʻlib, siyosiy, iqtiso­diy va xavfsizlik sohalarida hamkor­likni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu platforma mintaqa davlatlari uchun suverenitetni saqlash, hududiy yaxlitlik­ni taʼminlash va global kuchlar oʻrtasida muvozanatli tashqi siyosat yuritish imko­nini beradi.

    Iqtisodiy jabhada “C5+1” forma­tining oʻrni katta. AQSH mintaqa bi­lan energetika, transport va logistika, raqamli iqtisodiyot, qishloq xoʻjali­gi va suv resurslarini boshqarish kabi yoʻnalishlarda investitsion sheriklikni rivojlantirishga intiladi.

    Xavfsizlik yoʻnalishida “C5+1” ter­rorizm, chegara xavfsizligi, ekstremizm va giyohvandlik moddalari savdosiga qarshi kurash hamda kiberxavfsizlik kabi masalalarda qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Marka­ziy Osiyoga muqobil rivojlanish yoʻlini taklif etish orqali geosiyosiy ahamiyat kasb etadi.

    Bundan tashqari, “C5+1” formati doi­rasida madaniy va maʼnaviy hamkorlikni rivojlantirishga ham eʼtibor qaratila­di. Taʼlim sohasida hamkorlik, ekologiya va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash kabi yoʻnalishlar orqali mintaqa yoshlari dunyoqarashini kengaytirish, innovatsion fikrlash va global maydonda raqobatbar­dosh boʻlishga tayyorlash koʻzda tutilgan.

    Yangi muloqotning mazmun-mohiyati si­fatida AQSH Prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali quyidagi postni eʼlon qildi:

    “Amerika Qoʻshma Shtatlari va Oʻzbe­kiston oʻrtasidagi misli koʻrilmagan savdo iqtisodiy kelishuvni eʼlon qi­lishdan mamnunman. Yaqin uch yil ichida Oʻzbekiston Amerikaning muhim mine­rallar, aviatsiya, avtomobil butlovchi qismlari, infratuzilma, qishloq xoʻja­ligi, energetika va kimyo, axborot texno­logiyalari va boshqa muhim tarmoqlari­ga qariyb 35 milliard dollar, kelgusi oʻn yilda esa 100 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritadi va xaridlar­ni amalga oshiradi.

    Men Oʻzbekistonning yuksak hurmatli Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnat­dorlik bildiraman. Mamlakatlarimiz oʻr­tasidagi uzoq muddatli va samarali muno­sabatlarni intizorlik bilan kutamiz!”. Ushbu soʻzlar, shubhasiz, global iqtisodiy maydonda Oʻzbekistonning yangi maqomini belgilaydi.

    Bu tashrif haqiqatan ham samarali va tarixiy ahamiyatga ega. Mutaxassis­lar AQSH kompaniyalarining bugungi qiziqishi va qatʼiyati 2010-yillar bo­shidagi holatdan mutlaqo farq qili­shini taʼkidlamoqda. Bugun amerikalik investorlar aniq loyihalarga kirish­moqda.

    Mamlakatimizda soʻnggi yillardagi tub iqtisodiy va maʼmuriy islohot­lar, tadbirkorlikka keng yoʻl ochili­shi, soliq yukining kamaytirilishi va huquqiy kafolatlar ishlab chiqilishi xalqaro sheriklarda ishonch uygʻotdi. Bu jarayonda davlatimiz rahbarining siyo­siy irodasi, ochiq muloqot qilish siyosa­ti va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, dav­lat rahbarlari darajasida oʻrnatilgan siyosiy aloqalar tufayli ikki tomonla­ma hamkorlik aniq yoʻnalishlar asosida rivojlanmoqda.

    Muzokaralar natijasida viza rejimi­ni yengillashtirish, shuningdek, ikki dav­lat poytaxtlari oʻrtasida doimiy aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama qilindi. Bu nafaqat biznes va turizm aloqalarini, balki madaniy-guma­nitar muloqotni ham yangi bosqichga koʻta­radi.

    Shu tarzda siyosiy iroda va iqtisodiy manfaat uygʻunlashgan holda Markaziy Osiyo va AQSH oʻrtasidagi aloqalarda yangi sahifa ochilmoqda. Oʻzbekistonning tashqi siyosiy strategiyasida oʻzaro manfa­atli hamkorlik asosiy ustuvor yoʻnalish boʻlib kelgan. Vashingtondagi uchrashuvlar esa bu yoʻnalishning amaliy natijasi si­fatida tarixda qoladi.

    Yangi bitim va kelishuvlar ikki dav­lat uchun iqtisodiy oʻsish, barqarorlik va ishonch muhitining mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Demak, Markaziy Osiyo va AQSH muloqoti nafaqat diplomatik for­matda, balki yangi iqtisodiy dunyo tarti­bining muhim pogʻonasi sifatida shakl­lanmoqda. Bu esa Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi yangi bosqichga koʻtarilganidan darak beradi.

    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    Fargʻona davlat universiteti rektori