баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    O'zbekiston – baxtiyor bolalarning sevimli vatani

    O'zbekistonda bolalar mehnatiga yo'l qo'ymaslik borasida xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilgan samarali mexanizmlardan yana biri mamlakatimizda ta'lim bilan bir qatorda bolajonlarni sog'lomlashtirish sohasiga ko'rsatilayotgan yuksak e'tibor va uning natijalaridir.

    O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida joylashgan “Anor” bolalar sog'lomlashtirish oromgohida 12 iyun` — Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuniga bag'ishlangan tantanali tadbir o'tkazildi.

    Tadbir doirasida Kasaba uyushmalari Federasiyasi mutaxassislari tomonidan turli yoshdagi bolajonlarga mazkur sananing mohiyati interaktiv usullar orqali tushuntirib berildi. Xususan, ishtirokchilarga qishloq xo'jaligida mehnat muhofazasi hamda mamlakatimizda bola huquqlarining ta'minlanishi to'g'risidagi ko'rgazmali materiallar yordamida batafsil ma'lumot berilib,  mavzuga oid qator tanlov va viktorinalar tashkil etildi.

    Ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda dunyo bo'ylab 5 yoshdan 17 yoshgacha bo'lgan 152 million nafar bola asosan qishloq xo'jaligi, xizmat ko'rsatish va sanoatda mehnat qilmoqda. Ishlayotgan bolalarning deyarli yarmi (72,5  million nafari) o'zining sog'ligi, xavfsizligi va ma'naviyatiga tahdid qiluvchi xavfli ishlarni bajaradi. Shu bois joriy yilgi “Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni” dunyo miqyosida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan qabul qilingan “Bolalar mehnatiga qarshi kurash xalqaro yili” chora-tadbirlari doirasida o'tkazilmoqda.

    O'zbekistonda o'sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama barkamol rivojlanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ushbu masala davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan. Bola mehnatidan foydalanishga yo'l qo'ymaslik bo'yicha Prezidentimiz tashabbusi bilan O'zbekiston Respublikasida bola huquqlarini himoyalashning kuchli mexanizmlarini yanada rivojlantirishga, shuningdek, xalqaro konvensiyalarga muvofiq milliy qonunchilik bazasi va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirishga yo'naltirilgan keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Natijada O'zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish holatlarining mavjud emasligi Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari tomonidan ham dunyo miqyosida e'tirof etilmoqda.

    O'zbekistonda bolalar mehnatiga yo'l qo'ymaslik borasida amalga oshirib kelinayotgan keng ko'lamli yaora-tadbirlarning yana bir amaliy samarasi sifatida Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy maqsadlaridan biri, ya'ni 2025  yilga kelib bolalar mehnatiga barham berish vazifasi muddatidan oldin bajarilgan kam sonli mamlakatlardan biri O'zbekiston deya tan olinganini ham keltirishimiz mumkin.

    O'zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish ishlari ijtimoiy siyosatning doimiy ustuvorligi sifatida qabul qilingan. Xususan, aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o'smirlar sog'ligini muhofaza qilish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida fertil yoshdagi ayollar, bolalar va o'smirlar tibbiy ko'rik bilan to'liq qamrab olinishi, tug'ma nuqsonli bolalar dunyoga kelishining oldini olish ta'minlangan. Shuningdek, O'zbekistonda 2 yoshgacha bo'lgan barcha o'g'il va qizlar bepul emlanishi yo'lga qo'yilgan bo'lib, buning natijasida difteriya, poliomielit va qoqshol kabi kasalliklarga to'liq barham berish imkoniyati yaratilgan. Bugungi kunda respublikamizda bolalarning 92  foizi rivojlanish parametrlari bo'yicha Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti standartlariga javob beradi. O'sib kelayotgan avlod salomatligining xalqaro reytingida O'zbekiston 161 mamlakat ichida birinchi o'ntalikka kiradi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assamleyasining 72-sessiyasidagi nutqida quyidagilarni ta'kidlagan edi: “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo'lib kamolga etishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo'ravonlik g'oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz”.

    “Anor” bolalar sog'lomlashtirish oromgohida tashkil etilgan tantanali tadbirda Prezidentimizning ana shu so'zlari alohida ta'kidlab o'tildi. Tadbir  doirasida bolalar uchun maxsus tayyorlangan tematik fil`mlar va roliklar ham namoyish etildi. Bolalar o'rtasida tashkil etilgan rasmlar, raqs, kuy, qo'shiq va she'rlar tanlovlari, kviling, suzish estafetalari, konstruktorlik, hunarmandchilik, sahna ko'rinishlari, o'g'il-qizlar bilan bola huquqlari borasida o'tkazilgan savol-javob viktorinalari O'zbekistonda yashayotgan bolajonlarning naqadar iqtidorli va bilimli bo'lib ulg'ayayotganini, xalqaro konventsiyalar bo'yicha yuksak xabardorlik va ma'lumotlarga ega ekanliklarini namoyon etdi.  

    O'zbekistonda bolalar mehnatiga yo'l qo'ymaslik borasida xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilgan samarali mexanizmlardan yana biri mamlakatimizda ta'lim bilan bir qatorda bolajonlarni sog'lomlashtirish sohasiga ko'rsatilayotgan yuksak e'tibor va uning natijalaridir. Chunki, bolalar mehnatiga qarshi kurash borasida maktab yoshidagi bolalarning yozgi sog'lomlashtirish ishlarini tashkil etish muhim profilaktik ahamiyatga ega. Mazkur jarayon har yili O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan muvofiqlashtirib kelinmoqda. Joriy yilgi sog'lomlashtirish mavsumida mamlakatimiz miqyosida jami 1 545 ta stasionar turdagi oromgohlar va sog'lomlashtirish maydonchalari faoliyati yo'lga qo'yilib, ularda jami 261 608 nafar bolani dam oldirish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun qariyb 80 milliard so'mdan ziyod mablag' yo'naltirilishi ko'zda tutilgan.

    Tadbir davomida yuzu ko'zlari kulib turgan baxtiyor o'g'il-qizlar mamlakatimizda barcha bolajonlarning to'laqonli bilim olishi, har tomonlama kamolga etishi, ta'til davrida maroqli dam olishi uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlardan mamnun ekanliklarini, O'zbekiston haqiqiy ma'noda baxtiyor bolalar mamlakati ekanini o'z she'r va qo'shiqlari orqali izhor etdi.

    Tadbir yakunida bolajonlar butun dunyo bolalariga ezgulik va baxt tiladilar hamda dunyo bolalarining urushsiz va ziddiyatlarsiz hayotga bo'lgan umidlari timsoli sifatida samoga yuzlab rangbarang pufaklar uchirdilar.

     

    Muhabbat O'RMONBEKOVA,

    O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi

    Matbuot xizmati rahbari