Oʻzbekiston – baxtiyor xotin-qizlar diyori

    Ijtimoiy hayot 6 Mart 2021 5650

    Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

    Muhtasham koshonaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan, jamiyat hayotining barcha jabhasida fidokorona mehnat qilayotgan ayollar, Zulfiyaxonim qizlari va mehmonlarni gullar bilan kutib olgan yigitlar zalga kuzatib qoʻydi.

    Ular orasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan chet ellik diplomat ayollar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ham bor.
    Bayramda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, yurtimiz xotin-qizlarini ayyom bilan qutladi, moʻtabar onalar, munis ayollar hamda dilbar qizlarga mehri, hurmat va ehtiromini izhor etdi.

    – Sizlar biz uchun, avvalo, muqaddas ona, aziz Vatan, oila timsoli, bitmas-tuganmas mehr, ezgulik va kuch-gʻayrat manbaidirsiz, – dedi davlatimiz rahbari.
    Oʻzbekistonda 17 milliondan ziyod xotin-qizlar bor. Keyingi yillarda ularning har biri uchun munosib turmush sharoiti yaratish, jamiyatning faol aʼzosi sifatida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy jarayonlarda ishtirokini oshirish, gender tenglikni taʼminlash yangi Oʻzbekiston islohotlari maqsadiga aylandi.

    Ayol koʻzi quvonch, mehr va baxt nuri bilan porlashi kerak. Shu maqsad-muddao yoʻlidagi harakatlar dastlab oila, mahallalardagi oʻzgarishlarda samara bera boshladi. Masʼul rahbarlar “Ayollar daftari” asosida uyma-uy yurib, eng chekka qishloqlardagi xotin-qizlar bilan ham muloqotga kirishdi.

    Ularning muammolari oʻrganildi, orzu-maqsadlari tinglandi. Eng muhimi, bu muammolarning har biriga yechim topildi. Pirovardida, minglab ayollarning orzusi ushaldi. Bugun ular tadbirkor, oilaviy biznes, hunar egasi, mulkdor — baxtli ayol va ona.

    Islohotlar zaminida yashayapmiz. Toʻrt yildan ziyod vaqt mobaynida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi, oʻzgarishlarga mustahkam ishonchi, xalqimiz hayoti farovonligi yoʻlidagi kuch-gʻayrati barchamizni yangi marralar sari undab keladi. Jamiyat hayoti, islohotlarimiz samaradorligi yoʻlida xotin-qizlar faolligi ham sezilarli oshdi. Bugun 1,5 mingga yaqin oʻzbekistonlik ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Ular orasida 6 ta tuman hokimi, siyosiy doira vakillari, ilm-fan namoyondalari, fermerlar, yirik ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, eksportyor tadbirkorlar bor.

    – Oilaviy baxt, bu – eng ulugʻ saodatdir, – dedi Prezidentimiz. Bu saodatga erishish yoʻlidagi ishlar, xususan, xotin-qizlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ish bilan taʼminlash, yashash sharoitini yaxshilash borasidagi saʼy-harakatlar tizimli davom ettirilishi haqida aytildi.

    Bayram arafasida, 5-mart kuni Prezidentimiz “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”ga qarorni imzolagani shu qutlugʻ maqsadlar yoʻlidagi muhim huquqiy asoslardan biri boʻldi. Endilikda qaror asosida barcha jabhalarda xotin-qizlarning faolligi oshirilib, ularning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi hamda bandligini taʼminlashga har tomonlama koʻmaklashiladi, tadbirkorlik tashabbuslari yana-da qoʻllab-quvvatlanadi, muammolarini hal etishga jiddiy kirishiladi. Bu saʼy-harakatlar “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturiga hamohangligi bilan yana-da muhim ahamiyat kasb etadi.

    Prezidentimiz bayram arafasida vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan xotin-qizlarni alohida eʼtirof etdi. Keyingi yillarda davlat mukofotlariga sazovor boʻlayotgan ayollar safi kengayib borayotgani, joylarda oʻzining kasb sohasida katta natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelayotgan 297 nafar opa-singillarga “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonlari berilgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

    Ular orasida farzandini ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalab, elga qoʻshgan onalar, aholi salomatligini asrash, yosh avlodga taʼlim berishda fidoyilik koʻrsatgan ayollar borligi ham tahsinga loyiq.

    Bayram tadbirida davlatimiz rahbari ana shu yuksak mukofotlarni oʻz egalariga topshirdi.

    – Toʻrt yil ichida oʻquvchilarimizning oliy oʻquv yurtlariga kirish koʻrsatkichini 40 foizdan 80 foizga yetkazdik, – dedi Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi “Sayiljoy” akademik litseyi direktori, “Sogʻlom turmush” medali sohibasi Feruza Soliyeva. – Olti oʻquvchimiz xalqaro, toʻrt oʻquvchimiz respublika fan olimpiadasi gʻolibi boʻldi. Hozir Toshkent tibbiyot akademiyasida tahsil olayotgan bitiruvchimiz Sardor Tojiboyev xalqaro fan olimpiadasida kumush medalni qoʻlga kiritib, Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan pul mukofotini oldi. Unga 66 million 650 ming, oʻqituvchisiga 55 million 790 ming soʻm pul berildi.

    Viloyat hokimi ham Sardorga 30 million, ustoziga 20 million soʻm mukofot berdi. Avvallari oʻqituvchi shuncha pul topish uchun necha yil qogʻozbozlikka koʻmilib, boshqa tashkilot rahbarlari taʼnayu dashnomlariga chidab ishlashi kerak edi. Keyingi yillarda oʻqituvchilarning orzulari amalga oshdi. Buning uchun davlatimiz rahbariga rahmat aytamiz.

    Prezidentimizning 3-martdagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi farmoni bilan yigirma sakkiz nafar faol qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

    Bu mukofot sohibalari haqida ham alohida faxr bilan gapirish mumkin. Ularning yuz-koʻzidagi shijoat, oliy maqsadlarga talpinish hissini koʻrib zavqlanasiz, qalbingiz faxrga toʻladi.
    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Madina Sunnatova fransuz tilini mukammal biladi, rus va ingliz tillarida erkin gaplashadi, boshqa tillarni oʻrganish harakatida. “Fransuz tilini oʻrganmoqchimisiz, marhamat” nomli 2 qismli oʻquv-qoʻllanma muallifi.

    — Davlatimizning Zulfiya nomidagi yuksak mukofotini olish har bir oʻzbekistonlik qiz uchun oliy baxt, — dedi Madina Sunnatova. — Bugun men shunday sharafga erishdim. Davlatimiz rahbarining oʻz qoʻlidan olganim esa alohida quvonchli, bir umr unutilmas voqea boʻldi. Oldimizda maqsadlar koʻp, Vatanimiz, Prezidentimizning bizdan umidi katta. Ishonchni oqlashimiz kerak. Bu yoʻlda barcha sharoitlar, imkoniyatlar yetarli.

    Bugun Oʻzbekiston baxtiyor xotin-qizlar diyori sifatida ham tanildi. Har bir ayol, avvalo, ona sifatida eʼzoz topmoqda. Qadriyatlarimizni, oʻzligimizni, milliy urf-odatlarimizni unutmagan holda kamolga yetayotgan farzandlar tarbiyasida onalarni hayot beshigiga qiyoslash mumkin.

    Davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, bugungi tahlikali davrda davlatlar, millatlarning oʻz yoʻlini topishi koʻp jihatdan raqobatbardosh kadrlarga bogʻliq. Shu maʼnoda gap oʻzani yana moʻtabar xilqat – ayollar – onalar qudrati, sharafi tomon buriladi.

    El koriga yaraydigan, iqtidorli, sogʻlom farzandlar onalar ardogʻida kamol topadi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari, xalqaro tashkilotlar rahbar xonimlarini ham bayram bilan qutladi.

    Tantanali tadbir bayram dasturxoni atrofida konsert dasturi, dilkash suhbatlar bilan davom etdi.

    Barchaning koʻnglidan kechayotgan hayajon Halima Xudoyberdiyeva yozgan satrlarda jamlangandek edi:

    Onaginam!
    Dorilamon kunlar keldi, shafaqlari ol,
    Qayon boqsang, shaylanishlar va sozlashlar tor...

    Ulugʻbek ASROROV,
    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri