Uchrashuvda ikki davlat parlament vakillari MDH Parlamentlararo Assambleyasi va Parlamentlararo Ittifoq kabi xalqaro parlament tashkilotlari doirasida faol hamkorlik qilayotganligiga urgʻu berildi.
Shuningdek, ikki davlat doʻstlik guruhlari faoliyatiga ham eʼtibor qaratilib, bu boradagi faoliyat koʻrib chiqilgani va Komissiya nomi Belarus Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha Senat parlamentlararo komissiyasi deb qayta nomlangani maʼlum qilindi.
Uchrashuvda qonun ijodkorligi, gender va yoshlar siyosati, taʼlim, tibbiyot sohalarida oʻzaro tajriba almashish, hududlar oʻrtasidagi munosabatlarni kengaytirish, hududlarni raqamli rivojlantirish sohasida hamkorlik masalalari ham muhokama etildi.
Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston -Belarus ayollari biznes-forumi mohiyatiga ham toʻxtalib oʻtdi.
Mazkur biznes-forumning ikkinchi marta oʻtkazilishi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha yangi takliflarni ishlab chiqishga xizmat qilishi aytib oʻtildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi oʻrtasida 2024–2025-yillarga moʻljallangan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma tadbirlar rejasi (“yoʻl xaritasi”)ni imzolandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.