Oʻzbekiston – Belarus: sanoat kooperatsiyasi uchun yangi imkoniyatlar

    Xalqaro hamkorlik 7 Aprel 2021 998

    Joriy yil 6-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ““NNOPROM”. Oʻzbekistonda katta sanoat haftaligi” Xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida Belarus Respublikasi sanoat vaziri P.Parxomchik bilan uchrashdi.

    Tomonlar Belarus milliy pavilyonida boʻlib, Belarus sanoat korxonalari mahsulotlari bilan yaqindan tanishdilar, shuningdek, yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil etish boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirish orqali ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

    Xususan, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va charm-poyabzal sanoati, qishloq xoʻjaligi va maxsus texnika vositalari hamda farmatsevtika preparatlari ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha mavjud imkoniyatlar koʻrib chiqildi.

    Tomonlar aniq oʻzbek va belorus korxonalari oʻrtasida yaqin aloqalar oʻrnatish boʻyicha kelgusidagi saʼy-harakatlarni belgilab oldilar, shuningdek, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda ularga har tomonlama koʻmak berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.