Tadbirda Bursa viloyati hokimi Yoqub Jonboʻlat, Turkiya Buyuk Millat Majlisi Oʻzbekiston-Turkiya doʻstlik guruhi raisi Usmon Mesten, “EkoAvrasya” boshqaruv kengashi raisi Hikmet Eren, Bursa shahri hokimining oʻrinbosari Fati Yulduz, Bursaning Yildirim tumani hokimi Oktay Yilmaz, shuningdek, turk ishbilarmon va ekspert doiralari hamda mahalliy jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
“Dunyo” AA muxbirining taʼkidlashicha, koʻrgazma ochilishida Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Aʼzamxoʻjayev mamlakatimizda oʻtgan davr mobaynida yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlida amalga oshirilgan ulkan ishlar hamda Yangi Oʻzbekiston hayotining barcha sohalarida roʻy berayotgan tub oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi fikrlarini oʻrtoqlashdi. U, shuningdek, Oʻzbekiston istiqlolini birinchi boʻlib qardosh Turkiya rasman tan olganini qayd etdi.
Bursaning Yildirim tuman hokimi Oktay Yilmaz bugun koʻp sohalarda, xususan, madaniyat, siyosat, iqtisodiyot, ichki va tashqi ishlar yoʻnalishlaridagi oʻzaro aloqalar mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi. “Bursa va Buxoro bizlar uchun jonga yaqin va qadrli shaharlardir. Qardosh Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan barchangizni chin qalbimdan tabriklayman”, - dedi u.
“EkoAvrasya” boshqaruv kengashi raisi Hikmet Eren bundan roppa-rosa 30 yil avval – 1991-yil Markaziy Osiyoning madaniy-maʼrifiy beshigi va barakotli zamin - Oʻzbekiston oʻz mustaqilligiga erishganiga eʼtibor qaratib, oʻtgan davr mobaynida ikki tomonlama munosabatlar strategik hamkorlik darajasiga koʻtarilganini qayd etdi.
Bursa gubernatori Yoqub Jonboʻlatning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston va Turkiya umumiy til, mushtarak tarix va madaniyat, urf-odatlarga ega birodar va doʻst davlatlar hisoblanadi. “30 yildan beri Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlik ravnaq topdi va ikki tomonlama munosabatlarning salmogʻi sezilarli darajada yuksaldi. Oʻzaro munosabatlar, ayniqsa, 2016-yildan keyin strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi. Maʼlumotlarga koʻra, faqat 2020-yilning oʻzida birgalikda amalga oshirilgan investitsiya loyihalarining umumiy qiymati 500 million dollardan oshdi. Bugungi koʻrgazma Bursa ahliga Oʻzbekistonni taqdim etish nuqtayi nazaridan katta imkoniyatdir. Biz hududlararo iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdorimiz”, - dedi gubernator.
Fotokoʻrgazma barcha mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.