Suhbat avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisini yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz oʻrtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi. Qayd etilganidek, 2021-yilning 17-sentyabrida Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti va 28-noyabr kuni Ashxobodda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining sammitlari doirasida oʻtgan oliy darajadagi muloqotlarda bildirilgan siyosiy iroda bir-biriga qoʻshni boʻlgan va oʻz mintaqalarida muhim geosiyosiy oʻrin tutgan davlatlarimizning ikki tomonlama aloqalari rivojiga ijobiy turtki berdi. Mazkur uchrashuvlar asnosida ilgari surilgan takliflarning amaliy ijrosi kelajakda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik munosabatlarimizni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Muloqot chogʻida mehmonga mamlakatimiz parlamenti, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qoʻmita va fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida soʻzlab berildi.

Oʻz navbatida, M. Qolibof konstruktiv va amaliy ruhdagi muloqotlarni izchil davom ettirish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil boʻlgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yoʻnalishdagi muloqotlarni koʻpaytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston-Eron oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashda parlamentlarning rolini kuchaytirishga kelishib oldi.

Eron parlamenti delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi davom etmoqda.