Ushbu kelishuv ta'lim tizimlarini zamonaviylashtirish, akademik almashinuvni rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish borasida katta imkoniyatlar ochishi kutilmoqda. Mamlakatimiz bilan strategik hamkorlik yuksak qadrlanayotganining isboti sifatida Prezidentimiz Frantsiyaning eng oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. Bu orden O'zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani, mamlakatimizdagi keng ko'lamli islohotlar, tashqi siyosatdagi insonparvarlikka yo'g'rilgan faol sa'y-harakatlarning yuksak e'tirofi hamdir. SHuningdek, Frantsiya Prezidentining rasmiy qabul marosimida o'zbek tilida so'zlagani xalqimizga alohida g'urur bag'ishladi. Uning “YAshasin O'zbekiston, yashasin Frantsiya!” degan tilagi ikki xalq o'rtasidagi hurmat va do'stlik ramzi sifatida tarixga muhrlandi.
Ushbu tashrif davomida O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti vakillari ham Parijda o'tkazilgan “Ilm-fan va ta'lim: O'zbekiston — Frantsiya ko'prigi” xalqaro konferentsiyasida qatnashdi. Tadbirda oliy ta'lim sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, frantsuz tilini o'qitish tizimini takomillashtirish va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish bo'yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Zero, bugun Frantsiya dunyodagi eng ilg'or ta'lim tizimlaridan biriga egalik qiladi.
Institutimiz uchun eng ahamiyatli natijalardan biri — Frantsiyaning etakchi ta'lim muassasalari bilan imzolangan kelishuvlar bo'ldi. Mazkur kelishuvlar asosida institutimiz uchun qator yirik loyihalar belgilab olindi. Jumladan, shu yil avgustda institutimizning 8 professor-o'qituvchisi Frankofoniya xalqaro tashkiloti bazasida malaka oshiradi. 2025/2026 o'quv yilida Sorbonne Paris Nord (Parij SHimoliy Sorbonna) universiteti bilan hamkorlikda 50 talaba uchun onlayn ma'ruzalar tashkil etiladi. Erasmus+ dasturining Capacity Building (salohiyatni oshirish) yo'nalishi doirasida frantsuz tilini o'qitish bo'yicha innovatsion loyihalar amalga oshiriladi.
Frantsiya bilan hamkorlik institutimizning xorijiy tillarni o'qitish tizimini tubdan takomillashtirish, talabalarning akademik almashinuv dasturlarida faol qatnashishi va ilmiy tadqiqotlar sohasida xalqaro integratsiyani kengaytirishga xizmat qiladi. Bugun institutimizda 69 talaba frantsuz tilini asosiy mutaxassislik sifatida, 245 yigit-qiz esa ikkinchi til sifatida o'rganmoqda. Oliy ta'lim muassasamiz frantsuz tilini o'qitish bo'yicha Frankofoniya markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqda. Bu markaz orqali talabalar va professor-o'qituvchilar frantsuz tilini chuqur o'rganish, xalqaro ilmiy tadqiqotlar o'tkazish va akademik almashinuv dasturlarida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Bugun institutimiz buyuk ma'rifatparvar va tilshunos olim Ishoqxon Ibrat ma'naviy merosiga sodiq qolgan holda xalqaro hamkorlik, ilmiy tadqiqot va ta'lim sifatini oshirish yo'nalishida jahon standartlariga mos faoliyat yuritishga intilib kelmoqda. Talabalarimiz xalqaro tanlovlarda faol qatnashib, xorijiy tillarni puxta o'zlashtirish orqali O'zbekistonni xalqaro ilmiy maydonda tanitishga hissa qo'shmoqda. Xususan, 2023 yilda talabalarimiz Frantsiya elchixonasi tomonidan o'tkazilgan Journée de la Francophonie festivalida “Ibrat” nomli teatr ko'rinishi bilan qatnashib, yuksak e'tirofga sazovor bo'ldi.
Prezidentimizning ushbu tarixiy tashrifi va ta'lim sohasiga oid kelishuvlar kelgusi avlod uchun yangi imkoniyatlar ochib, xalqaro ilmiy hamjamiyatda munosib o'rin egallashimizga xizmat qiladi.
Rivojiddin KARIMOV,
filologiya fanlari bo'yicha
falsafa doktori, dotsent