Oʻzbekiston – Germaniya: Doʻstlik aloqalarining yangi bosqichi

    Xalqaro hamkorlik 15 Sentabr 2021 1500

    15-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining Germaniya Federativ Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida xalqaro aloqalarni mustahkamlashda, konstruktiv tashqi siyosatni olib borishda albatta parlament diplomatiyasining oʻziga xos oʻrni bor.

    Mamlakatimiz parlamentining bu sohadagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqildi. Oliy darajada boʻlib oʻtgan uchrashuvlar mamlakatlarimiz amaliy oʻzaro hamkorligi uchun katta salohiyatga ega boʻlgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy sohalarda, shuningdek, energetika, fan-taʼlim, texnika, transport, turizm, sanoat, innovatsion axborot texnologiyalari va boshqa bir qator sohalardagi hamkorlik aloqalari yuksalib borishi natijasida ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yanada rivojlanib boryapti.

    Uchrashuvda qayd etilganidek, Germaniya Federativ Respublikasi tashqi siyosatda Oʻzbekiston Respublikasi uchun ishonchli hamkor hisoblanadi. 1992-yil 6-martda ikki mamlakat oʻrtasidagi elchixonalar darajasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan. Oʻtgan vaqt mobaynida davlatlar orasidagi oʻzaro iqtisodiy, madaniy va parlamentlararo aloqalar yanada rivojlanib kelyapti.

    Suhbat davomida Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan nemis millatiga mansub fuqarolar masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Germaniya hukumatlararo komissiyasining hamraisi, Germaniya Federal hukumatining migrantlar va milliy ozchiliklar boʻyicha federal vakili, Bundestag deputati Berndt Fabritsius Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagining oʻzaro hamkorlikka yoʻnaltirilgan faoliyati, bu boradagi kelgusi rejalari haqida soʻzlab berdi.

    Oʻz navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi Dilorom Fayziyeva Qonunchilik palatasi faoliyati, undagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, asosiy maqsadlar va ustuvor yoʻnalishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

    Muloqotda hozirgi vaqtda mamlakatimizning xorijiy hamkor davlatlar bilan oʻzaro doʻstlik va hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib borayotgani, parlamentimizda tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhi yuqorida qayd etilgan jadal islohotlarning yana bir yaqqol ifodasi boʻlib xizmat qilayotgani qayd etildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.