Oʻzbekiston — Germaniya: parlamentlararo aloqalar yanada rivojlanadi

    Xalqaro hamkorlik 7 Yanvar 2022 1348

    2022-yil 7-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner bilan uchrashdi.

    Muloqot avvalida A.Saidov T.Klinnerni elchi etib tayinlangani bilan qutlab, masʼuliyatli va sharafli diplomatik missiyani amalga oshirishida unga muvaffaqiyat tiladi.

    Mehmonga yurtimizda keyingi yillarda barcha sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar xususida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, Oliy Majlisning qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, fraksiyalar, qoʻmitalar va komissiyalar ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida axborotlar taqdim etildi.

    Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish, parlamentlar qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish masalalari muhokama qilindi.

    Oʻz navbatida Tilo Klinner samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston-Germaniya aloqalari xususan, parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda bor imkoniyatini ishga solishini aytib oʻtdi.

    Muloqot yakunida Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha aniq takliflar bildirildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.