Muloqotda keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari nafaqat siyosiy-iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy sohalar, balki tibbiyot yoʻnalishida ham muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgani qayd etildi. Xususan, Germaniya mamlakatimizga pandemiya oqibatlarini yengib oʻtishda katta amaliy yordam koʻrsatdi. Ushbu davlat koʻmagi bilan COVAX dasturi doirasida yurtimizga AstraZeneca vaksinasi yetkazib berildi.
Bundan tashqari, 160 ming yevro miqdorida insonparvarlik yordami, zamonaviy PZR laboratoriyalari, diagnostika jihozlari, COVID-19dan himoyalanish vositalari ham taqdim etildi. Ayniqsa, koronavirusga qarshi kurashda yuqori samara beruvchi 10 ming doza sunʼiy “antitanachalar kokteyli” preparati yuborilgani xastaliklarni davolashda katta natija berdi.
Yevropaning yuqumli kasalliklarni oʻrganish sohasidagi nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasasi — Robert Kox instituti va mashhur “Sharite” klinikasi mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatilishi ham tibbiyot sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishda muhim omil boʻlmoqda.
“Heinemann Medizintechnik”, “Karl Storz”, “Greiner” va “KfW Bank Group” kompaniyalari ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy qiymati qariyb 2 mln. yevroga teng “Germaniya —Oʻzbekiston tibbiy konsultativ-diagnostika markazi” tashkil etilishi hamda bu yerda nemis shifokorlari tomonidan operatsiyalar oʻtkazilishi esa Orolboʻyi mintaqasi aholisi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratyapti.
Shu bilan birga, “Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti koʻmagida uyushtirilayotgan insonparvarlik aksiyasi doirasida oʻzbekistonlik bemor bolalar Germaniyaga davolanish uchun yuborilmoqda. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birgalikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar ham katta samara bermoqda.
Qolaversa, mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishga doir qator loyihalar Germaniya taraqqiyot banki (KfW) tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlanyapti. Jumladan, yurtimizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish yoʻnalishida 27 million yevro miqdoridagi grant ajratilgan. Uning doirasida respublika va viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, mutaxassislar malakasi oshirildi.
Silga qarshi kurash sohasiga ajratilgan 3 million yevro miqdoridagi grant asosida esa shu yoʻnalishdagi shifo maskanlari zamonaviy diagnostika uskunalari va tibbiyot jihozlari bilan taʼminlandi.
KfW bankining 34,5 mln. yevrolik navbatdagi loyihasi viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilish va faoliyati samaradorligini oshirishga yoʻnaltirildi. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilgan loyihaga koʻra, bu yerga MSKT, angiograf, rentgenoskopik uskunalar, IVL qurilmalari oʻrnatildi.
2022-2025-yillarga moʻljallangan 13,5 million yevro miqdoridagi yana bir loyiha Termiz shahrida tibbiy taʼlim va malaka oshirish dasturlarini modernizatsiya qilishni koʻzda tutadi. Uning doirasida Termiz shahridagi tibbiyot kolleji zarur jihozlar, jumladan, 200 nafar oʻrta tibbiyot xodimini oʻqitish imkonini beruvchi simulyatsiya vositalari bilan taʼminlanadi.
Uchrashuvda axborot-kommunikatsiya sohasida dunyoda alohida nufuzga ega nemis kompaniyasi — SAP bilan hamkorlikda mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga qaratilgan yirik loyihani amalga oshirishga doir rejalar muhokama etildi.
Shu bilan birga, muloqot davomida Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi bilan Germaniyaning yetakchi klinikalari oʻrtasida yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyish va bu orqali bemor oʻgʻil-qizlarda murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish, kadrlar tayyorlash, tibbiyot xodimlarining ushbu mamlakatda malaka oshirishini taʼminlash kabi qator masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.