Uchrashuvda Oʻzbekiston va Misr hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlari, jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
2023-yil yakunlariga koʻra, mamlakatlarning oʻzaro savdo aylanmasi hajmi oʻtgan yilga nisbatan 50 foizga oʻsgani alohida qayd etildi. Bu boradagi imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayotgani, ikki davlat ishbilarmonlari oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash hamda mavjud salohiyatni toʻliq ishga solish orqali koʻrsatkichlarni oshirish boʻyicha yakdil fikr bildirildi.
Tomonlar umumiy din, anʼana va urf-odatlarning oʻxshashligidan kelib chiqib, fan, taʼlim, sanʼat hamda diniy maʼrifat yoʻnalishlarida oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish zarurligini taʼkidladilar.
Muloqot davomida parlamentlararo aloqalar, xususan, ikki davlat Senatlari hamkorligining amaliy jihatlariga eʼtibor qaratildi. Parlamentlarning yuqori palatalari qoʻmitalari va devonlari oʻrtasida doimiy muloqot va tajriba almashish tizimini yoʻlga qoʻyish muhimligi aytib oʻtildi.
Bundan tashqari, ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini oʻrnatishga kelishib olindi.
Misr va Oʻzbekiston Senatlarida doʻstlik guruhlarini tashkil etish, xalq vakillik institutining muhim boʻgʻini boʻlgan hududiy vakillik organlari orasida oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish tashabbusi ilgari surildi.
Muzokaralardan soʻng hamkorlikni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Misr Arab Respublikasi Senati oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Misr Arab Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Abdulvahob Abdulroziq Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.