Oʻzbekiston – Oʻmon hamkorligi istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 7 Mart 2023 712

    Shu yil 6-martda BMTning kam rivojlangan mamlakatlar boʻyicha yuqori darajadagi 5-konferensiyasida ishtirok etish uchun Qatarda amaliy tashrif bilan boʻlgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Oʻmon Sultonligi iqtisodiyot vaziri Said al Sakri bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Oʻmon oʻrtasida turli sohalardagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, ikki mamlakatning parlamentlararo aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

    Muloqot chogʻida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar, konstitutsiyaviy islohotning borishi haqida maʼlumotlar berildi.

    Muzokarada ikki davlatni umumiy madaniyat, din, anʼana va maʼnaviy qadriyatlar birlashtirib turishi, oʻzaro manfaatli munosabatlarni izchil mustahkamlashdan ikkala tomon ham birdek manfaatdor ekani taʼkidlandi.

    Oʻmon sultonligi iqtisodiyot vaziri jahonda Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganini taʼkidlab, uni Markaziy Osiyo mintaqasida asosiy hamkor davlat sifatida koʻrilishini maʼlum qildi. Shu nuqtai-nazardan Oʻmon iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, innovatsiyalar, turizm va boshqa sohalarda ikki tomonlama munosabatlarini yanada faollashtirish tarafdori ekanligini alohida qayd etib oʻtdi.

    Suhbat davomida mamlakatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish hamda investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.