Tashrif doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Pokiston Islom Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Asad Kaysar bilan uchrashdi.

Muloqotda avvalida A.Kaysar ikki mamlakat oʻrtasida parlamentlararo munosabatlarni jadallashtirish, doʻstlik guruhlaridan tashqari yangi deputatlararo, qoʻmitalararo va ishchi guruhlararo hamkorlik yoʻnalishlarini ishlab chiqishni taklif etdi.

Oʻz navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov mamlakatlarimiz parlamentlari vakillari barcha sohalarda Oʻzbekiston va Pokiston munosabatlarini rivojlantirishda oʻzining munosib hissasini qoʻshishi lozimligini taʼkidlab oʻtdi. Xususan, ikki mamlakatning manfaatlariga birdek xizmat qiladigan kelishuvlarning ijrosini taʼminlashda parlamentlarimizning salohiyatidan foydalanish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda tomonlar normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, parlamentarizm sohasida tajriba almashish, savdo va sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash (farmatsevtika), ziyorat turizm sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.