Trasport vazirligi maʼlumotiga koʻra, mazkur pilot yuk tashuvi mamlakatimiz tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yangi bozorlarga olib chiqish, avtomobil transportida yangi koridorlarda yuk tashuvlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida amalga oshirildi.

Murakkab relyefli Oltoy togʻlari boʻylab oʻtgan mazkur koridor ayrim qismlari dengiz sathidan 1500 metr balandlikkacha koʻtariladi. Oʻzbek milliy tashuvchisi tomonidan 4500 km masofa 8 kunda bosib oʻtildi.

Ishtirokchi davlatlar oʻrtasidagi samarali hamkorlik va ushbu transport yoʻlagini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlar natijasida savdo aylanmasi oʻsishi va transport-logistika aloqalarining kengayishi uchun yangi istiqbollar ochilmoqda.

Ushbu yoʻnalish davlatlar oʻrtasida eksport va import yuk tashuvlari hajmini oshirishga, savdo aloqalari geografiyasini kengaytirishga hamda tovarlarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirishga xizmat qiladi.

Dunyo logistika bozoridagi vaziyatni inobatga olganda, mazkur koridorning rivojlanishi oʻzbek milliy tashuvchilari uchun oʻz biznesini kengaytirish, samaradorlikni oshirish hamda mintaqaviy va global darajadagi oʻrinlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.