Delegatsiyalar tarkibiga, shuningdek, ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, viloyat hokimliklari rahbarlari hamda 350 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari kirdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev kirish soʻzi bilan ochar ekan, ikki davlat rahbarlarining samimiy munosabatlari tufayli koʻp qirrali oʻzbek-qirgʻiz hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmida oʻsish kuzatilgani qayd etildi – oʻtgan yil yakuniga koʻra mazkur koʻrsatkich 1 milliard dollarga yetdi. Tovar ayirboshlashning yanada oshishini taʼminlash uchun tayyor toʻqimachilik, oziq-ovqat, plastmassa, poyabzal, IT-xizmatlari, oʻgʻitlar, qurilish materiallari, maishiy texnika va farmatsevtika mahsulotlari, qoramol va mayda chorva mollari, koʻmir, oziq-ovqat va talabga ega boʻlgan boshqa tovarlarni oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish choralarini koʻrish muhimligi taʼkidlandi.
Keyingi yillarda investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlik faollashdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Qirgʻiziston kapitali ishtirokida 280 ga yaqin korxona faoliyat yuritib kelyapti. Qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishda Oʻzbekiston -Qirgʻiziston Taraqqiyot jamgʻarmasi katta rol oʻynaydi, uning portfeli 186 million dollarlik 33 ta investitsiya loyihasini oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga qulayliklar yaratish boʻyicha koʻrilayotgan choralar, jumladan, qonunchilikni liberallashtirilgani, soliq va bojxona imtiyoz va preferensiyalar joriy etilgani, mamlakatimizning barcha hududlarida 25 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgani ham tilga olindi.
Oʻrta va kichik biznes rivojining harakatlantiruvchi omillari boʻlgan hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, chegara hududlarida maishiy texnika, dori-darmon, mebel, qurilish materiallari, poyabzal, charm mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan, hududlar delegatsiyalarining oʻzaro tashriflari amaliyotini yoʻlga qoʻyish, B2B formatida forumlar, koʻrgazmalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlar oʻtkazish taklif etildi.
Oʻz navbatida, Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari – Suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sanoati vaziri ham ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash va sarmoyaviy hamkorlikning barqaror oʻsish dinamikasini yuqori baholadi va bu borada transport-logistika, energetika sohasidagi loyihalar hayotga tatbiq etish, savdo vakolatxonalari faoliyatini kuchaytirish muhimligini taʼkidladi. Maʼruzachi ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning katta, ijobiy tajribasini taʼkidlab, ishbilarmon doiralarni sheriklik aloqalarini kengaytirish va qoʻshma oʻzaro manfaatli tashabbuslarni dadil amalga oshirishga chaqirdi.
Forum doirasida B2B va G2B muzokaralari boʻlib oʻtdi, unda tadbirkorlar koʻplab yangi, foydali aloqalarni oʻrnatishga, yangi loyihalarni amalga oshirishning oʻziga xos jihatlarini muhokama qilishga muvaffaq boʻldi.
Forum yakunlari boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, logistika markazini tashkil etish, chiqindilarni qayta ishlash, geologiya-qidiruv va koʻmir yetkazib berish, IT-xizmatlari koʻrsatish, elektrotexnika va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha 20 ta bitim, memorandum va savdo shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.