Tadbir Qirgʻiziston Respublikasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Umidbek Safarov, Qirgʻiziston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Prezidenti Temir Sariyev, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek 80 ga yaqin ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibidagi asosiy masalalar Oʻzbekiston -Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoʻshma tadbirkorlikni rivojlantirish boʻldi. Mazkur masala yuzasidan jamgʻarma boshqaruvi raisi Aziz Aaliyev tashkilot faoliyati va imkoniyatlari haqida maʼruza qildi. Bundan tashqari, tez buziladigan mahsulotlar uchun yashil yoʻlak, umumiy laboratoriya, sanitariya nazorati, qoʻshimcha nazorat-oʻtkazish punktlari ochish va temir yoʻl orqali yuk tashish hajmini oshirish masalalari muhokama etildi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi 5-yilda 5 barobarga oshib, 2023-yil yakuniga koʻra qariyb 1 milliard dollarni tashkil etdi, shundan eksport 630 million dollardan, import esa 320 million dollardan ortiqni tashkil etdi.
Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishida Qirgʻiziston Respublikasining “Alaiku Organics” va Oʻzbekiston Respublikasining “Milk House” kompaniyalari oziq-ovqat mahsulotlarini oʻzaro ishlab chiqarish boʻyicha kelishuvga erishdi, shuningdek B2B formatidagi uchrashuvlar yakuni boʻyicha bir qator shartnomalar imzolandi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.