Oʻzbekiston -Qirgʻiziston parlamentlararo hamkorlik komissiyasining IV majlisi boʻlib oʻtdi

    2024-yil 21-iyunda Choʻlpon-Ota shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha Parlamentlararo komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston tomonidan komissiya hamraisi Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari С.Сафоев hisoblanadi. Qirgʻiziston tomonidan – Qirgʻiziston Jogorku Keneshi vitse-spikeri Н.Азигалиев.

    Tomonlar ochiq va konstruktiv ruhda ikki tomonlama munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollarini, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, hududlararo va chegaraoldi hududlari hamkorligini mustahkamlash, shuningdek, yuqori darajada erishilgan Oʻzbekiston -Qirgʻiziston kelishuvlarini amalga oshirishga koʻmaklashish masalalarini koʻrib chiqdilar. Shuningdek, kelgusida davlatlararo va parlamentlararo formatdagi muhim tadbirlar muhokama qilindi.

    2024-yilga moʻljallangan Parlamentlararo hamkorlik rejasini amalga oshirishning borishi toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek, Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaradosh viloyatlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

    Parlamentarizmni rivojlantirishning dolzarb masalalari boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro parlamentlararo tuzilmalar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat vakillik organlarining barcha darajadagi oʻzaro hamkorligini faollashtirish boʻyicha bir qator kelishuvlarga erishildi, qoʻshma aniq tadbirlar va parlament delegatsiyalarining oʻzaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.