Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan Federal bojxona xizmati (Rossiya Federatsiyasi) oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va Rossiya Federatsiyasiga olib kiriladigan tovarlarning bojxona qiymatini tavsiflovchi maʼlumotlar almashinuvi toʻgʻrisidagi 2017-yil 7-apreldagi Bayonnomaga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish yuzasidan tomonlar kelishuvga erishildi.
Mazkur hujjatning asosiy maqsadi – Oʻzbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinadigan aynan mazkur roʻyxatdagi qishloq xoʻjaligi tovarlarining narx qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni haqqoniyligini taʼminlashda oʻzaro hamkorlik qilish va Rossiya Federatsiyasida mazkur tovarlarga nisbatan bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishni tezlashtirish hisoblanadi.
Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan Federal bojxona xizmati (Rossiya Federatsiyasi) oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida tovar va transport vositalarini olib oʻtishda bojxona operatsiyalarining soddalashtirilgan tartibini tashkil etish toʻgʻrisida 2016-yil 30-dekabrda imzolangan Bitimga qoʻshimchalar kiritish” borasida ham hujjat imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinadigan tayyor tekstil mahsulotlarining xorijiy bozorga kirib borishiga yana-da qulay muhit yaratish maqsadida, Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan Bayonnoma loyihasi tayyorlandi.
Mazkur Bayonnoma loyihasini imzolanishi natijasida, Rossiya Federatsiyasiga olib kirilayotgan tayyor oʻzbek tekstil mahsulotlarini Rossiya bozoriga kirishida, bojxona qonunchiligi buzilishi xavfi aniqlanmasa, ushbu tovarlarga nisbatan bojxona koʻrigi oʻtkazilmaydi. Natijada, tayyor tekstil mahsulotlarining xorijiy davlat bozoriga kirib borishi tezlashadi.
Tashrif doirasida yana bir muhim masala, yaʼni “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan Federal bojxona xizmati oʻrtasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan shubhali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishni oldini olish, aniqlash va toʻxtatish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida Memorandum imzolandi.
Mazkur Memorandumning maqsadi – moliyaviy manbalarni noqonuniy xorijga olib chiqish boʻyicha rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilgan holatlar yuzasidan hujjatlar va maʼlumotlarni oʻzaro almashishdan iborat.
Hujjat loyihasini ishlab chiqish va uning doirasida hamkorlikni amalga oshirish, Davlat bojxona qoʻmitasining mazkur yoʻnalishdagi faoliyatini Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) suveren davlatlarning ixtisoslashgan tarkibiy tuzilmalari oʻrtasida mazkur yoʻnalishda hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha tavsiyalariga muvofiqlashtirish imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan Federal bojxona xizmati (Rossiya Federatsiyasi) oʻrtasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga (oʻzlashtirish) qarshi kurashish hamda jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul va (yoki) pul vositalarini transchegaraviy olib oʻtishda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida axboriy hamkorlik qilish toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Uning doirasida bojxona maʼmuriyatlari chegaralar orqali naqd pul va valyuta qimmatliklarini olib oʻtayotgan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, jismoniy shaxslarning fuqaroligi, jismoniy shaxslar tomonidan olib oʻtilayotgan naqd pul va (yoki) valyuta qimmatliklarining miqdori va olib oʻtish kuni kabi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborotlarni almashadilar.
Xulosa oʻrnida aytganda, ikki mamlakatning bojxona tizimlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikdagi ishlar va doʻstona aloqalar sohaning yana-da rivojlanishiga hamda mamlakat iqtisodiy xavfsizligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.