Oʻzbekiston – Rossiya: Istiqbolli shartnoma imzolandi

    Xalqaro hamkorlik 17 Noyabr 2021 774

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatida Rossiyaning “Stalmost” AJ kompaniyasining rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida tomonlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qipchoq qishlogʻi yaqinida Amudaryo ustidan qurilishi rejalashtirilayotgan uzunligi 412 metrli temir yoʻl va avtomobil qoʻshma koʻprigini barpo etish uchun, metall konstruksiyalarni yetkazib berish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

    Muzokaralar yakuni boʻyicha, tomonlar “Shovot – Qorauzyak yangi temir yoʻl liniyasi va Amudaryo ustidan oʻtuvchi qoʻshma temir yoʻl va avtomobil koʻprigi qurilishi” loyihasi boʻyicha metall konstruksiyalarni batafsil chizmalarini tayyorlash, ishlab chiqarish, maxsus yordamchi konstruksiyalarni yetkazib berish va ularni oʻrnatilishini nazorat qilish boʻyicha shartnoma imzoladilar.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yil oktyabr oyida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati Bosh menejeri – Bosh muhandisi rahbarligidagi ishchi guruh aʼzolari Rossiyaning yetakchi metall konstruksiyalarni ishlab chiqaruvchi qator zavodlar faoliyati va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: “Stalmost” AJ MDH mamlakatlari orasida keng qoʻllaniladigan turli xil metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi korxona boʻlib, temir yoʻli, avtomobil yoʻli, piyodalar yoʻli, yer usti koʻpriklari, shuningdek shaharsozlik qurilishlarida ishlatiladigan turli xil metall konstruksiyalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.