O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vise-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov “Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 19 avgust sonida chop etilgan “Asriy aloqalarning bugungi rivoji” nomli maqolasida shu xususda so‘z yuritadi.
— Masalan, o‘zbekistonlik olimlar, xususan, arabshunoslar oldiga arab tilini mukammal o‘rganish va arab tilidagi qo‘lyozma manbalarini hozirgi zamon talablari darajasida tayyorlash borasida qo‘yilayotgan vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda keyingi yillarda Osiyo arabshunoslarining navbatdagi xalqaro konferensiyalaridan birining Toshkent shahrida o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun arab mamlakatlari, xususan, Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan o‘zaro manfaatli aloqalar yanada rivojlanishiga qulay imkoniyat yaratadi, — deydi muallif. — “Yangi O‘zbekistonda yangi renessans istiqbollari” mavzusida saudiyalik mutaxassislar bilan xalqaro simpoziumlar tashkil etish, mamlakatlar qo‘lyozma fondlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi, xususan, yurtdoshlarimiz tomonidan XX asrning boshlarida Arabiston diyorlariga olib chiqib ketilgan qo‘lyozma manbalarni hamkorlikda tadqiq qilish yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
O‘zbekiston ilm-fan va madaniyat kunlarini Saudiya Arabistonida o‘tkazish, ilmiy sohada olimlar o‘rtasida muloqot maydonini yaratish, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi olimlar bilan bir qatorda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Muin Nasafiy kabi ulamolarning ilmiy merosini hamkorlikda tadqiq qilish ajdodlarimizning boy ma’naviy va ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish imkonini beradi.