Xabaringiz bor, mazkur tashrif asnosida Markaziy Osiyo xalqaro instituti Tojikiston bilan koʻp qirrali hamkorlikning turli yoʻnalishlari boʻyicha turkum maqolalar eʼlon qilmoqda. Quyidagi tadqiqotda Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlari tarixi va rivojlanish istiqbollariga nazar tashlaymiz.
Maʼlumki, oʻtgan asrlar davomida qardosh xalqlarimiz Turk xoqonligi, Arab xalifaligi, Somoniylar, Gʻaznaviylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar kabi xonliklar, shuningdek, Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi tarkibida boʻlgan. Ammo oʻsha davrlarda ham oʻzbek-tojik xalqlari azaliy doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik anʼanalarini davom ettirgan holda, oʻz yashash tajribasiga ega millatlar sifatida ahil va inoq umr kechirganlar.
Quvonarli jihati shundaki, xalqlarimiz mustaqillikka erishgach, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish yoʻlida yangi bosqichni ochdi – 1992-yil 22-oktyabrda mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi.
Ayni paytda ikki mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning siyosiy irodasi va birgalikdagi jadal saʼy-harakatlari tufayli oʻzaro munosabatlarni yana-da taraqqiy ettirish strategiyasini belgilash va uni amalga oshirishda muhim qadamlar qoʻyilayotgani gʻoyat ahamiyatlidir.
Prezidentlarimizning uzoqni koʻzlab olib borayotgan tashqi siyosati samarasida mamlakatlarimiz oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik va oʻzaro doʻstona aloqalar yana-da yuqori pogʻonaga koʻtarilib, strategik sheriklik darajasiga yetdi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgandan soʻng parlament qoʻshma sessiyasidagi ilk nutqida yaqin qoʻshnilar bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanini taʼkidlagan edi.
Sessiya yakunlangach, Prezidentimiz Tojikiston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi, suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, birodar xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalar rivojiga gʻov boʻladigan muammolarni hal etish boʻyicha chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur muloqot natijalariga koʻra, rasmiy doira vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Dushanbega yuborilib, delegatsiya aʼzolari Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tomonidan iliq va samimiy ruhda qarshi olindi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston tomoni Prezidentimizning oʻzaro manfaatli aloqalarda mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish yoʻlidagi ikki tomonlama hamkorlikning barcha kompleks choralarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha taklifini bildirdi. Tojik tomoni yuqoridagilarni inobatga olgan holda, ushbu taklifni toʻliq qoʻllab-quvvatladi.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar kabi qator sohalardagi aloqalarni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yoʻli ochilmoqda. Shu munosabat bilan, yuzaga keladigan voqeliklarni anglash, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va aniq natijalarga erishish oʻta muhim sanaladi.
Yana shunisi ahamiyatliki, 2017-yildan buyon ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida 8 marotaba ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, Prezidentlarimiz xalqaro doiradagi tadbirlarda ishtirok etdilar.
Jumladan, 2018-yil 9-10-mart kunlari Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi amalga oshirilgan boʻlsa, aynan oʻsha yili 17-18-avgust kunlari Tojikiston Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi uyushtirildi.
2018-yil 27-28-sentyabr kunlari Prezidentimiz MDH Davlat rahbarlari kengashi sammiti doirasida, 2019-yil 14-15-iyun kunlari Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari yigʻilishida ishtirok etish maqsadida Tojikistonga amaliy tashrif bilan bordi.
Shu bilan birga, Tojikiston Prezidenti 2019-yil 29-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Bundan tashqari, 2018-yilda 4-marta (2-marta Dushanbe va Fargʻonada), 2019-yilda 2-marta (Termiz va Bekobodda), 2020-yilda Dushanbeda 1-marta Bosh vazirlar darajasidagi uchrashuvlar tashkil etildi.
Joriy yil 24-aprel kuni Xoʻjandda Hukumat rahbarlari uchrashuvi tashkil etilib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikistonga boʻlajak rasmiy tashrifiga tayyorgarlik koʻrish va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Tojikiston Bosh vaziri 2021-yil 14-may kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun Toshkentga keldi.
Shu oʻrinda mamlakatlarimiz tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida ham muntazam muloqot yoʻlga qoʻyilganini taʼkidlash joiz. Jumladan, 2016-yil sentyabr oyidan buyon ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining 23 marotaba uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston – Tojikiston hamkorligining huquqiy asosini shu paytgacha imzolangan turli darajadagi 165 ta hujjat tashkil etadi. Ular orasida, ayniqsa, “Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma" (17.08.2018 y, Toshkent) va “Abadiy doʻstlik shartnomasi” (2000-yil 15-iyun, Dushanbe) ahamiyatlidir.
Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga bu galgi rasmiy tashrifi davomida ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy bazasini sezilarli darajada kengaytirish va mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalardagi munosabatlarni yana-da yuqori darajaga koʻtarishga imkon beradigan 30 dan ziyod hujjat qabul qilinishi koʻzda tutilgan.
Maʼlumotlarga qaraganda, 1991-yildan buyon ikki mamlakat parlamentlari vakillarining 20 dan ortiq oʻzaro tashriflari amalga oshirilgan. Tojikiston Respublikasi Majlisi Olii bilan hamkorlik qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasining parlamentlararo guruhlari tuzilgan.
Oʻzbekiston parlamenti vakillari MDH va SHHT missiyalarida xalqaro kuzatuvchi sifatida Tojikistonda oʻtgan parlament (2010-2020-yillar) va prezidentlik (1994, 1999, 2013 va 2020-yillar) saylovlarida faol ishtirok etdi.
Oʻzbekiston bilan Tojikiston yaqin hamkor mamlakatlar sifatida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham bir-birining tashabbuslarini doimo qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
BMT doirasidagi oʻzaro hamkorlik shular jumlasidandir. Bu hamkorlik qoʻshma nutqlar, Bosh Assambleyada tashabbuslar va rezolyutsiyalarni koʻrib chiqish, shuningdek, BMTning turli organlari uchun nomzodlar koʻrsatish shaklida amalga oshirilmoqda.
Tojikiston BMT Bosh Assambleyasining Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Markaziy Osiyoda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, barqarorlik va ustuvor rivojlanishni taʼminlash toʻgʻrisida” (2018), “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” (2018), “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va ustuvor rivojlanish” (2019) hamda Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyalarini (2021) maʼqulladi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston 2017-2019-yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga Tojikiston nomzodini qoʻllab-quvvatlagan.
Soʻnggi besh yilda mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib, jadal surʼatlarda oʻsib bormoqda. Ikki mamlakat rahbarlarining izchil saʼy-harakatlari va oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha belgilagan vazifalari samarasida 2018-yilda umumiy qiymati 202,5 million dollarlik mahsulot yetkazib berish boʻyicha 92 ta bitim va shartnomalar imzolangan edi. Jumladan, Oʻzbekiston tovarlari eksporti uchun qariyb 162,2 million dollarlik 83 ta shartnoma va 40,3 million dollarlik 5 ta import shartnomalari qabul qilindi.
2020-yilgi Oʻzbekiston – Tojikiston biznes forumi yakunlari boʻyicha qiymati 711,5 million dollarga teng 306 hujjat imzolangan boʻlsa, shundan 516,13 million dollarlik 279 ta savdo shartnomasi va 195,4 million dollarlik 27 ta investitsiya loyihalari tasdiqlandi.
Natijada 2020-yilda 2016-yilga nisbatan oʻzaro savdo aylanmasi hajmi qariyb 500 million dollardan oshgani qayd etildi.
Tojikistonda sanoat kooperatsiyasi doirasida oʻzbek kapitali ishtirokidagi korxonalar, jumladan, aholi orasida talabgir maishiy texnika ishlab chiqaradigan “Artel Avesto Electronics” qoʻshma korxona barpo etilgan.
Ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishdagi yana bir muhim voqea sifatida mamlakatlarimiz rahbarlari tashabbusi bilan “TALKO-KRANTAS” maxsus kommunal va qurilish transportini yigʻish hamda sozlash qoʻshma ishlab chiqarish korxonasi ochildi.
Qolaversa, soʻnggi besh yil ichida korxonalar soni yana-da ortib bormoqda. Ular savdo-sotiq, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati va boshqa koʻplab sohalarni qamrab oladi.
Bundan tashqari, 2018-yilda "Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolarining oʻzaro safarlari toʻgʻrisidagi” bitim imzolangani tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasida viza rejimi bekor qilindi va aynan shu yili 17 ta nazorat punktlari ochildi. Mazkur ishlar ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Bularning davomi sifatida, 2017-yilda Toshkent – Dushanbe avia qatnovlari qayta yoʻlga qoʻyilgani, Gʻalaba-Amuzang temir yoʻlining qayta tiklanishi, A-377 xalqaro yoʻli Samarqand – Penjikent qismining ochilishi fikrimizning yorqin dalilidir.
Oʻzbekiston – Tojikiston oʻzaro manfaatli hamkorligini rivojlantirishda logistikaning ahamiyatini qayd etmasdan iloj yoʻq. Xususan, shu yil 3-iyun kuni Dushanbeda Oʻzbekiston transport vaziri oʻrinbosari va Tojikiston transport vaziri oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda mamlakatlarimiz oʻrtasida transport va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish, shuningdek, Tojikiston orqali Xitoyga oʻtadigan avtotransport yoʻnalishlarini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekistonning Tojikiston bilan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik anʼanalarini mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlari samarasi boʻlgan bu yutuqlarni, haqli ravishda, birodar tojik xalqiga boʻlgan ulkan hurmat va ishonch namunasi, deya ayta olamiz.
Shuni gʻurur bilan aytishimiz mumkinki, xalqlarimiz oʻrtasida ming yillar davomida rivojlanib kelgan madaniy-gumanitar aloqalar va insonparvarlik gʻoyalari boshqa koʻplab sohalardagi aloqalarni chuqurlashtirishda ishonchli asos vazifasini oʻtaydi.
Oʻtgan yillar davomida amalga oshirilgan madaniy-gumanitar almashinuvlarning muntazamligi, tomonlarning ushbu sohani faol rivojlantirish boʻyicha qatʼiy xohish-istagini namoyish etadi. Bu boradagi hamkorlikni izchil davom ettirishga hattoki global pandemiya ham salbiy taʼsir koʻrsatolmadi.
Bu kabi amaliy hamkorliklar qatorida joriy yil may oyida Tojikistonda Oʻzbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi, uning doirasida “Ilhaq”, “Rangsiz tushlar”, “Xalq yuragi”, “Hamkorlik boʻyicha navbatchi”, shuningdek, oʻzbek kinematografiyasi durdonalari boʻlgan “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, "Sirli sandiq” filmlari namoyishi yana bir karra oʻzaro munosabatlarda mustahkam poydevor yaratdi.
Kino kunlari davomida Butunjahon Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish jamiyati loyihasi tomonidan nashr etilgan “Oʻzbekistonning madaniy merosi dunyo toʻplamlarida" kitob-albomlarining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, ikki mamlakat ilmiy-tahlil institutlari oʻrtasidagi aloqalar faollashayotganini ham qayd etish joiz. Xususan, joriy yil 2-5-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va rivojlantirish markazi vakillaridan iborat delegatsiya Tojikistonga tashrif buyurdi.
Safar davomida Oʻzbekiston ilmiy-tahlil institutlari xodimlari “Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlashning yangi “oʻsish nuqtalari” xalqaro ilmi-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi.
Shuningdek, qator muassasalar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, unda Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Tojikiston Fanlar akademiyasining A.Donish nomidagi Tarix, arxeologiya va etnografiya instituti, Tojikiston Fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa mamlakatlari muammolarini oʻrganish instituti, Rus-tojik (slavyan) universiteti, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi diplomatik xizmati xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi oʻrtasida bitimlar tuzildi.
Bularning barchasi Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish va mustahkamlash yoʻlida muhim qadamlar hisoblanadi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlarining ijobiy tus olishi butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshadi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi Toshkent va Dushanbe oʻrtasidagi keng koʻlamli oʻzaro aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonamiz.
Temur Rahimov,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti
boʻlim boshligʻi.
OʻzA








