Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti F.Oktay, Oʻzbekiston tomonidan tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 250 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Forum ochilishi marosimida Oʻzbekiston va Turkiya delegatsiyalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari rahbarlari soʻzga chiqdilar.
Chiqishlar davomida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va investorlar uchun qulay muhit yaratish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida soʻz bordi. Soliqqa solish sohasini isloh qilish, iqtisodiyotning shaffofligini oshirish, yer uchastkalari ajratish tartib-qoidalarini takomillashtirish, xorijiy investorlarni huquqiy himoya qilish mexanizmlari va boshqa sohalarda erishilgan yutuqlar sanab oʻtildi. Turk sanoatchilari va tadbirkorlarining Oʻzbekiston iqtisodiyotining yengil sanoat, qurilish, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va boshqa sohalarida oʻzbekistonlik sheriklar bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda erishgan muvaffaqiyatlari alohida taʼkidlandi.
Mamlakatda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan har bir turk investori bilan loyihalarni hayotga tatbiq etish jarayonida har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida ish olib borilayotganligi taʼkidlandi. Bundan tashqari, Turkiya investitsiyalarini jalb etish va Turkiya biznesining Oʻzbekiston bozoridagi oʻrnini mustahkamlash uchun qoʻshimcha zaxira va imkoniyatlar oʻrganilmoqda.
Forum doirasida vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarining taqdimotlari boʻlib oʻtdi. Ularda turk kompaniyalari bilan kelgusida birgalikda roʻyobga chiqarish uchun energetika, turizm, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, kimyo sanoati va boshqa qator yoʻnalishlardagi istiqbolli loyihalar taqdim qilindi.
Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari ishbilarmon doiralar vakillarini qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishish maqsadida faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
Forum yakunlari boʻyicha umumiy qiymati 679 million dollarga teng boʻlgan 25 ta hujjat imzolandi, shu jumladan, umumiy qiymati 514,7 million dollarga teng boʻlgan 10 ta investitsiya loyihasi boʻyicha hujjatlar hamda 165,2 million dollarlik 15 ta savdo shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.