Tadbirda ikki mamlakat tomonidan «aql markazlari» ekspertlari, Tashqi ishlar vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti xodimlari, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar. Uchrashuvda O'zbekiston-Turkiya munosabatlari, o'zaro manfaatli ikki va ko'p tomonlama hamkorlik aloqalarining hozirgi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Ta'kidlab o'tish joizki, ushbu davra suhbati 2021 yilning 8 iyul kuni Turkiyada bo'lib o'tgan Yevroosiyo iqtisodiy sammiti doirasida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va Turkiyaning «Marmara grupp» strategik va ijtimoiy tadqiqotlar Jamg'armasi o'rtasida o'zaro hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish maqsadida imzolangan Anglashuv Memorandumi doirasida tashkil etildi.

Dastlab tadbirni moderator sifatida boshqarib borgan «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o'zining kirish so'zida so'nggi yillarda O'zbekiston olib borayotgan faol tashqi siyosat natijasida nafaqat Markaziy Osiyo, balki boshqa mintaqalar davlatlari bilan ham hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotgani, Turkiya Respublikasi O'zbekiston tashqi siyosatida alohida o'ringa ega ekanligi, o'z navbatida, O'zbekiston ham Turkiya tashqi siyosatida muhim o'rin tutishi, O'zbekiston bugungi kunda Turkiyaning Markaziy Osiyoda eng asosiy sheriklaridan biri hisoblanishini alohida e'tirof etib o'tdi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan so'nggi besh yil davomida ikki mamlakat o'rtasida xavfsizlik va mudofaa, savdo va iqtisodiyot, investitsiya, turizm, energetika, transport va tranzit, qishloq va o'rmon xo'jaligi, madaniyat, ta'lim, fan va texnika, innovatsiya, sog'liqni saqlash va boshqa sohalardagi o'zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan ko'p tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganligiga urg'u berildi.

Doktor Akkan Suver, Turkiyaning «Marmara grupp» strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg'armasi prezidenti:

Ushbu tashrif bilan Turkiya va O'zbekiston o'rtasidagi fuqarolik jamiyati munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi sahifani ochmoqdamiz.

So'nggi vaqtlarda ikki mamlakat Prezidentlari sa'y-harakati bilan o'zaro munosabatlar umumiy tarix va madaniy meros darajasidan strategik sheriklik darajasiga ko'tarilmoqda. 35 millionga yaqin aholisi, geostrategik mavqei, boy tarixi, madaniy qadriyatlari va iqtisodiy salohiyati bilan O'zbekiston mintaqaviy tinchlik hamda barqarorlik nuqtai nazaridan muhim o'rin tutadi.

Turkiya davlatining barcha sohalarda hamkorlikni takomillashtirishga katta ahamiyat berayotgani va qardosh O'zbekiston bilan munosabatlarini yanada rivojlantirish istagidan kelib chiqib, «Marmara grupp» strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg'armasi bu munosabatlarni birgalikda yanada jadallashtiridan manfaatdordir.

Bugungi kunda O'zbekistonda Turkiya investitsiyasi ishtirokida 1300 dan ziyod korxona faoliyat ko'rsatmoqda. 2016 yilda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan bo'lsa, pandemiyadan avval ushbu ko'rsatkich 2,5 milliard dollardan ortiqqa yetdi. Ayni vaqtda ikki mamlakat o'rtasidagi savdo hajmini 5 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, parlamentlar o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, parlamentlarning qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati shakllari bo'yicha o'zaro tajriba almashishini yo'lga qo'yish maqsadida «O'zbekiston – Turkiya» parlamentlararo do'stlik guruhi faoliyat ko'rsatmoqda.

O'zaro samimiy va do'stona muloqot shaklida bo'lib o'tgan tadbir yakunida O'zbekiston – Turkiya munosabatlarini rivojlanish bosqichlarida ikki mamlakat «aql markaz»lari faoliyatini yanada kengaytirish, jumladan qo'shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini yo'lga qo'yish, ilmiy-amaliy konferentsiyalarni tashkil etish hamda kadrlar malakasini oshirish va tajriba almashish tizimini yo'lga qo'yishga kelishib olindi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi

Axborot xizmati