Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari Nusratilla Zikrillayev boshchiligidagi delegatsiya hamda Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi. Turkiya tomonidan Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi mutasaddilari, shu bilan birga Turkiyaning yirik nodavlat tashkilotlari, turoperatorlari va mehmonxona egalari qatnashdi.
Oʻzbekiston tomoni mamlakatimiz Prezidenti tomonidan yurtimizda turizm sohasi rivojiga qaratilayotgan eʼtibor, investorlarga berilayotgan imtiyozlar, sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yangidan bunyod etilgan turizm obyektlari hamda diyorimizning turistik salohiyati haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, Turizm va madaniy meros vazirligi mutasaddilari tomonidan “Turizm sohasiga investitsiyalarni jalb etish, turizm zonalarini tashkil etishda Turkiya tajribasi, respublikada turistik zonalarni rivojlantirish”, “Oʻzbekiston Respublikasida tarixiy obidalardan turizm obyekti sifatida foydalanish maqsadida restavratsiya qilish sohasida hamkorlik boʻyicha takliflar”, “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti faoliyati” mavzularida taqdimot-maʼruzalar qilindi.
Qoʻshma komissiya yigʻilishida xavfsiz turizm chora-tadbirlari, turistlar oqimini oshirish va soha boʻyicha ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, turizm sohasiga investitsiyalar jalb etish imkoniyatlarini koʻrib chiqish, turizm taʼlimi yoʻnalishlarida hamkorlik imkoniyatlari, turizm sektori tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sayohat marshrutlarini ishlab chiqishda Turkiya turizmini targʻib qilish va rivojlantirish agentligi (TGA) bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shu bilan birga gastronomik, ziyorat turizmi va turizmning boshqa sohalarida umumiy loyihalarni amalga oshirish, tarixiy obidalarning restavratsiyasi va konservatsiyasi hamda “Tabarruk ziyorat” marshrutlarini belgilab olish va bunda marketing siyosatini ishlab chiqish sohasida hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Tadbir soʻngida Turkiya turizmni targʻib qilish va rivojlantirish agentligi (TGA), Turkiya sayohat agentliklari birlashmasi (TÜRSAB), Turkiya mehmonxona egalari birlashmasi (TÜROB), Oʻrta yer dengizi turistik mehmonxonalar birlashmasi (AKTOB) kabi yirik nodavlat tashkilotlar bilan ikki tomonlama muzokaralar (G2B) olib borilib, kelgusidagi hamkorliklarning yangi yoʻnalishlari belgilab olindi.
Xususiy sektor vakillari bilan muzokaralarda “Tabarruk ziyorat” konsepsiyasida belgilangan madaniy turizm yoʻnalishlarida TGA bilan birgalikda umumiy sayohat marshrutlarini ishlab chiqish va targʻib qilish, “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti talabalarining yozgi taʼtil davomida TÜRSAB tarkibidagi turoperatorlar hamda Turkiyadagi mashhur mehmonxonalarda malaka oshirishlarini tashkil etish, professor-oʻqituvchilar almashinuvini amalga oshirish, universitet kutubxonasini ilmiy adabiyotlar bilan toʻldirishda hamkorlik qilish kabi masalalar muhokama etildi.
Tadbirdan soʻng ishchi guruh aʼzolari Antaliya shahridagi “Belek turizm investorlari birlashmasi” (BETUYAB)ga tashrif buyurdi. Oʻrta yer dengizi sohilida (uzunligi 15 kilometr) joylashgan ushbu turizm zonasi 49 ta mehmonxona, 20 dan ortiq golf klubi, koʻplab sport majmualarini oʻz ichiga oladi. Birlashma mutasaddilari turizm zonasining ish tajribasi, uning boshqaruv tizimi, investorlarga beriladigan imtiyozlar va koʻrsatiladigan xizmatlar haqida toʻliq maʼlumotlar berdi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.