O'zbekistonning qardosh mamlakatlar bilan strategik sheriklik aloqalari ko'p asrlik do'stlik, yaxshi qo'shnichilik munosabatlariga, o'zaro yaqin savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikka asoslangan. Bugungi kunda Turkmaniston bilan munosabatlarimiz ham shu asosida yuksak sur'atlar bilan rivojlanib boryapti.
O'zbekiston va Turkmaniston eng yaqin qo'shni, birodar mamlakatlar, vaqt bilan sinalgan ishonchli do'st va hamkorlardir. Oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazamligi davlatlararo munosabatlar yuksak darajada ekanidan dalolat.
O'zbek va turkman xalqlarining tarixi, madaniyati va qadriyatlari mushtarak. Ajdodlarimizning ilmiy va adabiy merosi xalqlarimizning umumiy mulki sanaladi. Turkmanistonda Alisher Navoiy, O'zbekistonda Maxtumquli asarlari kirib bormagan xonadon yo'q, desa bo'ladi. So'nggi yillarida an'anaviy do'stlik va hamkorlik aloqalari yangi zamon ruhida rivojlanmoqda. O'tgan yillar davomida erishilgan natijalar bir qancha huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlab qo'yilgan.
Birgina misol, 2017-yil mart oyida O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga tashrifi doirasida tarixiy ahamiyatga ega hujjat — Strategik sheriklik to'g'risidagi bitim, shuningdek, umumiy qiymati 150 million dollarlik shartnomalar imzolangan. 2018-yil aprelda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga tashrifi chog'ida esa Toshkent shahrida “Ashxobod” bog'i va Maxtumquli ko'chasi, Xorazm viloyatida O'zbek-turkman do'stlik uyi va “Ulli hovli” majmuasining ochilishi xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik, birlik va madaniy yaqinlikning yorqin namunasi bo'ldi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O'zbekistonga bu galgi rasmiy tashrifi ham ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi, shubhasiz. Tashrif davomida ikki mamlakat Prezidentlari ko'p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish, davlatlar o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik, strategik sheriklik, o'zaro ishonch va qo'llab-quvvatlash bo'yicha qat'iy qarorlar qabul qilganlari misolida ham ko'rdik.
Hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aholining ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash, yangi ish o'rinlari yaratish va milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni keyingi to'rt yilda o'zaro savdo hajmi uch barobarga ko'payib, 400 million dollardan oshgani, joriy yil boshidan tovar ayirboshlash yana 25 foizga oshgani ham tasdiqlaydi.
Bu natijalarga erishishda ishbilarmon doira vakillarining hissasi katta Xususan, joriy yil 4-oktyabr kuni Toshkentda bo'lib o'tgan O'zbekiston-Turkmaniston iqtisodiy forumi ham o'zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qildi. Forum yakunida qishloq xo'jaligi, kimyo, to'qimachilik, elektrotexnika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati, avtomobilsozlik hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qator investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.
Tashrif doirasida O'zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Qo'shma bayonot qabul qildi. Unda oliy darajadagi uchrashuvning asosiy yakunlari o'z ifodasini topdi, O'zbekiston-Turkmaniston strategik sherikligini yanada mustahkamlashning istiqbolli yo'nalishlari belgilab olindi.
Albatta, ikki tomonlama munosabatlar barcha yo'nalishda, jumladan, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. Transport-logistika aloqalarini rivojlantirish haqida so'z borar ekan, ushbu sohada ijobiy natijalar qo'lga kiritilayotganini alohida ta'kidlash joiz. Xususan, tijorat maqsadida ikki mamlakat avtomobil va temir yo'llari orqali uchinchi mamlakatga tranzit yuklari tashiladi. Joriy yilning sakkiz oyida xalqaro yuk tashish hajmi umumiy hisobda qariyb 13,5 foizga o'sib, o'tgan yilning shu davriga nisbatan o'rtacha 1,2 million tonnaga oshdi.
Transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish Janubiy Osiyo va Janubiy Kavkaz yo'laklari orqali yangi tashqi bozorlarga chiqish, shu jumladan Ashxobod bitimiga muvofiq xalqaro transport va tranzit yo'lagini yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Hududlararo sheriklikni faollashtirish masalalari muhokama qilinar ekan, chegaradosh viloyatlar o'rtasidagi muntazam bevosita muloqot hamda har yili O'zbekiston va Turkmaniston hududlari forumini o'tkazish iqtisodiy hamkorlikni o'stirishning yangi drayveri bo'lib xizmat qilishi borasida yakdil fikr bildirildi. Bunday formatdagi ilk uchrashuv kelgusi yilda Xivada o'tkaziladigan bo'ldi.
Bir so'z bilan aytganda, Turkmaniston Prezidentining O'zbekistonga tashrifi juda samarali bo'ldi, u o'zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik asosidagi sheriklikka yangi sur'at baxsh etadi va istiqbolda ikki mamlakat o'rtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri o'rinbosari