“Oʻzbekiston – Turkmaniston” erkin savdo zonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-90-son, 28.02.2024-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Xorazm viloyati Shovot tumanida tovarlarni saqlash, saralash, sotish, transport va boshqa zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini tashkil etish uchun “Oʻzbekiston – Turkmaniston” erkin savdo zonasi tashkil qilinadi.
Savdo zonasida:
- zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash va saralash xizmatlari koʻrsatiladi;
- “yagona darcha” va interaktiv mexanizmlar asosida bojxona, soliq, sertifikatlash, fitosanitariya, veterinariya, transport xizmatlari, mavjud infratuzilma va imkoniyatlarni oʻrgangan holda, bank va valyuta ayirboshlash, mobil aloqa hamda mijozlar uchun tibbiy, mehmonxona, avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va boshqa xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi;
- faqat Oʻzbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi tashkil qilinadi;
- chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirish huquqi berilgan “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimi amal qiladi;
- Oʻzbekiston hududida boʻlgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar harakatlanish hujjatlari asosida alohida nazorat oʻtkazish punkti orqali oʻtadi va ularning ortga qaytishiga faqat kirgan nazorat oʻtkazish punkti orqali ruxsat etiladi;
- shaxslar, transport vositalari va yuklar erkin harakatlanadi.
Savdo zonasidagi bino va inshootlar tadbirkorlarga elektron onlayn auksion savdolari asosida ijaraga beradi.