Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 15 Sentabr 2021 677

    Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari E.Orazgeldiyev bilan uchrashdi.

    Uchrashuv chogʻida tomonlar Turkmaniston Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga boʻlajak rasmiy tashrifiga tayyorgarlik masalalarini koʻrib chiqdilar hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

    Oʻtgan 4 yil mobaynida Oʻzbekiston – Turkmaniston savdo aylanmasining hajmi 3 barobar oshgani alohida taʼkidlandi. Ushbu ijobiy dinamikaga qishloq xoʻjaligi, meva-sabzavot, farmatsevtika va toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, neft mahsulotlari, elektr energiyasi hamda boshqa tovarlar yetkazib berishning oʻsishi evaziga erishildi.

    Shu bilan birga, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlik qilish uchun muhim ishga solinmagan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

    Tomonlar qoʻshma investitsiya loyihalarini koʻpaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasini yuksaltirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni koʻrishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar. Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasida faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu, shuningdek, boʻlajak oliy darajadagi tashrifning iqtisodiy kun tartibini amaliy mazmun bilan toʻldirishga imkon yaratadi.

    Ikki mamlakat hududlarida avtomobillar, qishloq xoʻjaligi va maishiy texnika, tayyor toʻqimachilik va charm-poyabzal mahsulotlari, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning shart-sharoitlari belgilandi.

    Shuningdek, neft va neft mahsulotlari, elektr energiyasi, kimyo mahsulotlari, polimer materiallar va mineral oʻgʻitlar yetkazib berishni koʻpaytirish orqali oʻzaro savdo hajmini oshirishga oʻzaro manfaatdorlik bildirildi.

    Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining hamkorligini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarning dolzarbligi alohida taʼkidlandi. Oliy darajadagi tashrif arafasida Oʻzbekiston – Turkmaniston biznes-forumini tashkil etish boʻyicha yakdil qarorga kelindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.