Oʻzbekiston -Vengriya biznes forumi savdo va sarmoyani rivojlantirishga qaratildi

    2024-yil 7-mayda Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston -Vengriya Hukumatlararo komissiyasining 9-majlisi doirasida Oʻzbekiston -Vengriya biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda 200 dan ortiq ishbilarmon doiralar vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ekspertlar ishtirokida joriy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama etildi, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va savdo aloqalarini kengaytirishning yangi istiqbolli yoʻnalishlari belgilandi.

    Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyarto ishtirok etdi. Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari uzoq muddatli munosabatlarni yanada mustahkamlash va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qatʼiy tayyorligini bildirdilar.

    Forum davomida investitsiya loyihalari taqdimoti boʻlib oʻtdi, shuningdek, “B2B” va “G2B” formatlarida 137dan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi, unda ishtirokchilar qoʻshma korxonalar tashkil etish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzishning amaliy jihatlarini batafsil muhokama qilishga muvaffaq boʻldi.

    Forum yakunlari boʻyicha bir qator ikki tomonlama hujjatlar, investitsiya kelishuvlari va eksport shartnomalari imzolandi.

    Bank-moliya sektori, qishloq xoʻjaligi, transport-logistika, mashinasozlik, farmatsevtika, suv xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda qator investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari amalga oshirilyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.