Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning O'zbekiston Respublikasi rasmiy tashrifi doirasida 2021 yil 30 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto bilan muzokara olib bordi.

Uchrashuv avvalida vazir I.Abdurahmonov yuqori martabali mehmonni Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishtirdi.

Uchrashuv ishtirokchilari ikki davlat ilm-fan namoyandalari o'rtasida hamkorlikni va to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni rivojlantirish maqsadida qo'shma ilmiy loyihalar tanlovini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Ushbu yo'nalishda 2021 yilning may-iyun` oylarida qo'shma ilmiy loyihalar tanlovini e'lon qilish bo'yicha tegishli choralarni amalga oshirish va ilmiy loyihalarni moliyalashtirish bo'yicha 2 million evro atrofida mablag' ajratishga kelishib olindi.

Shuningdek, yosh tadqiqotchi va olimlar malakasini oshirish hamda Vengriyaning ilm-fan sohasidagi ekotizimi bilan yaqindan tanishish maqsadida stajirovkalar dasturini tashkil etish bo'yicha ham fikr almashildi. Yuz nafar o'zbekistonlik talaba va tadqiqotchilarning tegishli ta'lim va malaka oshirish dasturida ishtirok etish imkoniyatlari haqida so'z yuritildi. O'z navbatida, P.Siyyarto ushbu yo'nalishda alohida dastur ishlab chiqishni taklif qildi.

O'zbekiston va Vengriyaning oliy ta'lim muassasalari va ular qoshida tashkil etilgan texnoparklar o'rtasida yaqindan hamkorlik o'rnatish bo'yicha tomonlar oliy ta'lim muassasalari va texnoparklar rahbarlaridan iborat delegatsiyalarning O'zbekiston va Vengriyaga tashrifini amalga oshirishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, tomonlar venchur fondlar va startaplarni moliyalashtirish bo'yicha tajriba almashish, yadroviy energiyadan foydalanishda hamkorlik borasida o'z qarashlari bilan o'rtoqlashdilar. Ikki davlat vazirlari global miqyosdagi muammo — pandemiya xususida to'xtalarkan, koronavirusga qarshi vaksinani yaratish va undan foydalanishda hamkorlik o'rnatish lozimligini qayd etdilar.

Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri P.Siyyarto Innovatsion rivojlanish vazirligining Vengriya bilan hamkorlikda amalga oshirish uchun imkoniyatlar ko'lamini yuqori baholadi va muhokama etilgan yo'nalishlarda vazirlik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv do'stona ruhda o'tdi.